O‘zbekiston jahon bozoriga obligatsiya chiqardi, bu nimani anglatadi?

Iqtisodiyot 19:52 / 29.05.2024 8693

O‘tgan hafta O‘zbekiston hukumati umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollarga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini 3 ta valuta: dollar, yevro va so‘mda jahon moliya bozorlariga joylashtirdi.

Jalb qilingan mablag‘lar davlat budjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Xo‘sh, o‘zi obligatsiyalar nima? Nima uchun hukumat obligatsiyalar joylashtiradi?

Obligatsiya – bu hukumat yoki kompaniya tomonidan chiqariladigan qarz qimmatli qog‘ozi hisoblanadi. Hukumat obligatsiya chiqarsa, uni turli investorlar sotib oladi; hukumat esa belgilangan davr mobaynida o‘zgarmas foizni investorga to‘lab boradi va muddat tugashi bilan asosiy qarz ham investorga qaytariladi.

Obligatsiyalar ikkilamchi bozorda kotirovka qilinadi, narxi bozor sharoitlari va bazaviy stavkalariga mutanosib ravishda o‘zgarib turadi.

Obligatsiyalar, ularning sarflanishi va qanday joylashtirilishi haqida Kun.uz bilan suhbatda Infrasia Capital va Finasia Capital kompaniyalari bosh direktori, sobiq moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov so‘zlab berdi.

— Siz moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagansiz va hukumatning obligatsiyalar chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etgansiz. Obligatsiyalar nima ekani va ular nega jahon bozoriga joylashtirilishi haqida gapirib bera olasizmi?

— Xalqaro obligatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2019 yildan beri chiqariladi. Bu global moliya bozorlaridagi fondlardan mablag‘ jalb qilishning bir turi. Oddiyroq tushuntirsam, bu ham kreditdek gap. Odamlar uy olish uchun ipoteka, mashina olish uchun yoki farzandlarini o‘qitish kredit olib, ma’lum yillar mobaynida uni bo‘lib to‘lashadi. Xuddi shunday O‘zbekistonda ham olib borilayotgan islohotlar yirik mablag‘larni talab qiladi.

Kreditdan farqi nima? Obligatsiyalar bozorda qimmatli qog‘oz ko‘rinishida chiqarilib, bitta bankdan olinmaydi-da, yuzlab investorlardan yig‘ib olinadi. Obligatsiyalar rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun odatiy holat. Biz chiqargan kunimiz Qatar amirligi ham 2,5 mlrd dollarlik yevrobond chiqardi. Bu yerda mamlakatlarning o‘zida qanchalik mablag‘lari bor yoki yo‘qligi ahamiyatga ega emas. Ma’lum maqsadlar uchun bozordan mablag‘ jalb qilish usuli bu.

– Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) uchun olinadigan obligatsiyalar nima degani?

BMT tomonidan har bir mamlakat uchun barqaror rivojlanish maqsadlari tasdiqlangan. Jumladan, O‘zbekiston uchun ham 2030 yilgacha 16 ta kategoriyadan iborat maqsadlar bor, bular – kambag‘allikni qisqartirish, gender tengligini ta’minlash, ekologiya, suv sifatini yaxshilash kabi maqsadlar. Ko‘p maqsadlar bor, davlatlarda BRMlar asosan 17 ta bo‘ladi, bizda esa 16 ta, chunki 17-maqsad dengizga oid va bu bizga taalluqli emas.

[22 may kuni chiqarilgan] 600 mln yevrolik obligatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan barqaror rivojlanish maqsadlariga sarflanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mendan ko‘ra yaxshiroq ma’lumot bera oladi, chunki ular qaysi yo‘nalishga sarflanishini bilishadi. Lekin men sizga o‘zim ishlab yurgan davrdagi BRM haqida aytib bersam.

2021 yil ilk bor so‘mda obligatsiya chiqarilgan, bu obligatsiyalar 2,5 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu mablag‘lar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, ijtimoiy binolar, maktab va kasalxonalar qurish, yo‘llarni ta’mirlash kabi odamlar hayotini yaxshilashga sarflanadi. Har biri, har bir loyiha bo‘yicha Moliya vazirligining ichida ichki guruh tuzilgan edi, ular viloyat, tumanlarda, har bitta loyiha monitoringini olib borib, foto va video hisobotlar tayyorlagan. Bu hisobotlarning hammasi o‘zbek va ingliz tilida investorlarga taqdim qilingan. Investorlar O‘zbekistonning hisobotini ijobiy qabul qilgan, sababi ko‘p mamlakatlar ham shunaqa, barqaror rivojlanish maqsadlari uchun yoki yashil obligatsiyalar chiqaradi, lekin batafsil ma’lumot berishmagan. Buni 2022 yil e’lon qilganimizda ko‘pchilik investorlar aytgan. O‘ylaymanki, hamkasblarim bu safar ham xuddi shunday ish tashkil qilib, 600 mln yevro qayerga ketishi borasida har bitta loyiha bo‘yicha ishchi guruhlar monitoring olib boradi. Xalqimizga va pulini tikkan investorlarga hisobdorlik nuqtayi nazaridan shu talab qilinadi.

– Obligatsiyalarning kredit shaklidagi davlat tashqi qarzidan farqi nimada?

– Obligatsiyalar birjalarda kotirovka qilinib, olib sotiladigan moliyaviy instrument hisoblanadi. Aksiyalardek gap. Bozorda o‘zining qiymati bor, foiz stavkalari oshishi yoki tushishiga qarab obligatsiyalar qiymati oshib tushadi. Foiz stavkalari oshganda obligatsiyalar qiymati tushadi, foiz stavkalari tushganda esa obligatsiyalar narxi oshadi. O‘sha orqali investorlar oldi-sotdi amaliyotlarini amalga oshiradi.

Deylik, bugun qaysidir investor 50 mln dollar pul tikkan bo‘lsa, bu pul dollarda 7 yil yoki yevroda 3 yil ushlab turiladi degani emas, ular ma’lum bir vaqtdan keyin foyda ko‘rish maqsadida 10-20 mln dollarini sotishi ham mumkin. Yoki teskarisi, kimdir bugun 10 mln olgan bo‘lsa, ertaga bozorga chiqib yana 10 mln olishi mumkin. Ya’ni investorlar uchun ma’lum darajada qulayliklar yaratadi.

Kreditlar esa asosan banklar tomonidan berilgani uchun banklar bu kreditlarni muddati tugaguncha o‘zida ushlab turadi.

Umuman, tashqi qarz nuqtayi nazaridan, kreditlar ham, obligatsiyalar ham davlat tashqi qarzi hisoblanadi.

Soha eksperti sifatida yana nimalarni qo‘shimcha qila olasiz, obligatsiyalar haqida aholi nimalarni bilishi kerak?

– Obligatsiyalarni, o‘ylaymanki, soddalashtirilgan holda tushunsa bo‘ladi. Bu bozor O‘zbekistonning ichida ham ancha rivojlanib qoldi. Masalan, davlat qimmatli qog‘ozlari hozir so‘mda ham chiqarilyapti, 1, 2, 3 yillik obligatsiyalar. Hozircha faqat yuridik shaxslar obligatsiyalarni sotib olyapti, lekin ertaga, masalan, aholiga ham sotiladigan obligatsiyalar chiqishi mumkin. Aholimiz ham obligatsiyalarni sotib olib, investor bo‘lishlari mumkin.

Hozirda aholi bo‘sh turgan mablag‘larini bankka depozitga qo‘yishi mumkin. Bunda bank har oy ma’lum stavkada foiz to‘lab boradi. Qachondir obligatsiyalar xalqimiz uchun ham sotiladigan bo‘lsa, bilishimiz kerak bo‘lgan narsa bu – foiz stavkalari qanchalik manfaatli, obligatsiya chiqarayotgan tashkilot qanchalik ishonchli? Chunki bu kimgadir kredit, qarz berayotgandek gap. Xatar nuqtayi nazaridan eng past xatar davlatniki hisoblanadi. Korxonalar, banklar chakana bozorga chiqarishni boshlasa, kim chiqarayotganiga, daromadligiga e’tibor berish kerak bo‘ladi. Ya’ni ertaga pulimni ham, daromadimni ham ola olamanmi?

Obligatsiyalar birjada kotirovka qilinib tepaga, pastga tushib turgani uchun mabodo ertaga narx tushib ketib qolsa, obligatsiyani bugun 100 so‘mga sotib olgan bo‘lsa, ertaga men uni 90 so‘mga sotishim ham mumkin yoki 110 so‘mga sotib foyda qilishim ham mumkin, shularni o‘ylash kerak. Aksiyaga qiyoslaganim sababi, obligatsiyalar narxi ham tushib-ko‘tarilib turadi. Bu bizning tilda spekulyatsiya ham deyiladi. Lekin bozorning qoidasi shunaqa.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: