Qo‘qonda bolani mashina yukxonasiga solgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 17:43 / 17.05.2024 7720

Qo‘qon shahrida voyaga yetmagan bolani mashina yukxonasiga solgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan bolaning onasining murojaatiga asosan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi ta’minlangan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda Qo‘qon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov haraktlari olib borilmoqda.

Nima bo‘lgandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida bola o‘g‘rilari aniqlangani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, 14 may kuni Qo‘qon shahar Obodyurt ko‘chasida yashovchi voyaga yetmagan bola M.M. ushbu mahallada turar joyga ega bo‘lgan qo‘shnisi M.A.ga tegishli uyning devor va oynasiga tosh otib sindirgan. Buni ko‘rgan M.A. bolani qo‘rqitib qo‘yish maqsadida o‘ziga tegishli Nexia-2 yukxonasiga solib avtomashinani harakatlantirgan.

Shu paytda bolaning onasi B.T. ko‘chaga chiqib, mashinani to‘xtatib, farzandini mashinadan tushirib olgan hamda o‘rtada o‘zaro janjal kelib chiqqan. Holat yuzasidan fuqaro M.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborilgandi.  

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 138-moddasiga ko‘ra, birovni zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar o‘sha harakat jismoniy azob berib yoki hayot yoki sog‘liq uchun xavfli sharoitda saqlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ko‘proq yangiliklar: