O‘rta Chirchiqda sotish uchun 5 tup chinorni kesganlar ozodlikdan mahrum etildi

O‘zbekiston 14:28 / 17.05.2024 7594

Toshkent viloyatida daraxtlarni kesganlar ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 4 nafar jinoiy sherik 2023 yilning 5 dekabr kuni yarim tunda O‘rta Chirchiq tumani Mash’al mahallasi hududidagi “Ma’rufxon” fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydoniga borishgan. Ular o‘zlari bilan olib kelgan motorli arra va boshqa ish qurollari yordamida jami narxi 247 mln 180 ming so‘m bo‘lgan 5 tup ko‘p yillik sharq chinorini tag qismidan kesib olishadi.

So‘ngra chinorlarni bo‘laklarga bo‘lib, o‘zlari yollagan yuk mashinasiga ortishgan va sotish uchun Toshkent shahrida joylashgan taxta bozoriga yo‘l olishgan. Ammo mo‘may daromad topish ilinjidagi “ishbilarmon” yo‘lda IIB xodimlari tomonidan to‘xtatiladi. Tekshiruv jarayonida ular daraxtlarni noqonuniy kesib, tabiatga 247 mln 180 ming so‘m zarar yetkazishgani aniqlanadi.

Jinoiy sheriklarning qilmishi sudda ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, ishga boshchilik qilgan fuqaro Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Shuningdek, uning sheriklari ham aybli deb topilib, bittasi 2 yil, qolganlari 1 yildan ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismiga ko‘ra, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ko‘proq yangiliklar: