Latviyada Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilingan ikki shaxs qo‘lga olindi

Jahon 07:58 / 17.05.2024 1384

Latviya Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ikki kishini Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilib qo‘lga oldi. Bu haqda 16 may, payshanba kuni Boltiqbo‘yi respublikasi maxsus xizmati ma’lum qildi. Jinoyat ishi 2 may kuni qo‘zg‘atilgan, ushlash 13 may kuni bo‘lib o‘tgan, ikki kundan keyin ayblanuvchilar qamoqqa olingan.

Qo‘lga olinganlar maxfiy ma’lumotlarni to‘plash va Rossiya maxsus xizmatlariga uzatishda gumon qilinmoqda. Gap Latviyada josuslikda gumonlanib hibsga olingan shaxslar haqida ham ketmoqda, deya tushuntirdi Davlat xavfsizlik xizmati.

Ish doirasida Riga va uning atrofidagi bir qator obektlarda tergov harakatlari olib borildi. Ayblanuvchilardan biri avvalroq Rossiya Federatsiyasi foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan, deya ma’lum qildi maxsus xizmat.

Rossiya foydasiga josuslik qilgan sobiq deputatga qamoq jazosi

Bu Latviyada «josuslik» moddasi bo‘yicha birinchi holat emas. 2023 yil noyabr oyida Riga shahar sudi Latviya Seymining sobiq deputati Yanis Adamsons va Latviya SSR KGBda ishlagan Rossiya fuqarosi Gennadiy Silonovni Rossiya Federatsiyasi foydasiga josuslik faoliyatida aybdor deb topdi.

Sud Adamsonsni ikki yil sinov muddati bilan 8 yil-u 6 oyga, Silonovni esa xuddi shunday sinov muddati bilan 7 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil iyun oyida qo‘lga olingan sobiq deputat NATO bo‘linmalari, Latviya harbiy xaridlari, mamlakat budjeti, qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar va chegaradagi vaziyat haqida ma’lumotlarni to‘plagan va Silonov orqali Rossiya maxsus xizmatlariga bergan.

2023 yil dekabrida Davlat xavfsizlik xizmati Latviyada Rossiya maxsus xizmatlariga josuslik faoliyatida gumon qilingan Rossiya fuqarosini qo‘lga oldi. Riga ma’lumotlariga ko‘ra, erkak Latviyadagi «muhim infratuzilma va harbiy obektlar haqida ma’lumot to‘plagan hamda Rossiya razvedkasi va xavfsizlik xizmatlariga uzatgan».

Ko‘proq yangiliklar: