Putin Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini tasdiqladi

Jahon 16:17 2500

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rossiya Federatsiyasining yadroviy tiyib turish sohasidagi davlat siyosati asoslarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Farmon 19 noyabr kuni huquqiy axborot portalida e’lon qilindi va darhol kuchga kirdi.

Yangilangan doktrinaga ko‘ra, «yadroviy davlat ko‘magida har qanday yadroviy bo‘lmagan davlat tomonidan Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilariga tajovuz qilish», shuningdek yadroviy bo‘lmagan vositalar, shu jumladan dronlar bilan ommaviy havo hujumi uyushtirish yadroviy zarba uchun asos bo‘ladi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga yangilangan doktrinaning «vaqtida e’lon qilinganini» aytdi. U yadroviy doktrinaning e’lon qilinishi AQSh tomonidan Ukraina Qurolli kuchlariga Rossiya hududiga Amerika raketalari bilan zarba yo‘llashga ruxsat bergani o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi savolga shunday javob berdi.

«Prezident tomonidan oldindan tegishli topshiriqlar berildi. Prezidentning o‘zi bu o‘zgarishlarni tayyorlash yakuniy bosqichda ekanligini aytgan edi», dedi Peskov.

Vladimir Putin 25 sentabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yadroviy tiyib turish doktrinasini yangilanishni taklif qildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu o‘zgarishlarni G‘arb uchun «aniq signal» sifatida ko‘rish kerakligini aytdi. «Bu davlatlarni, agar ular mamlakatimizga yadroviy bo‘lmagan, balki turli vositalar bilan hujum qilishda ishtirok etsa, oqibatlaridan ogohlantiruvchi signaldir», dedi Peskov.

17 noyabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina Qurolli kuchlariga Amerikaning uzoq masofali ATACMS raketalari yordamida Rossiya hududiga hujumlar uyushtirishga ruxsat bergan edi. Oradan ikki kun o‘tib, Putin Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini tasdiqladi.

Ko‘proq yangiliklar: