AFP: Rossiya bir hafta ichida Ukrainada 278 kvadrat kilometr maydonni egallab oldi

Jahon 07:21 / 17.05.2024 3173

Xarkiv yaqinida hujum uyushtirgan rus qo‘shinlari bir hafta ichida Ukraina hududining 278 kvadrat kilometrini egallab oldi. Bu bahoni AFP 16 may, payshanba kuni e’lon qildi

Qayd etilishicha, jurnalistlar Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga tayangan. Unga ko‘ra, Xarkiv yaqinida 9 maydan 15 maygacha bo‘lgan davrdagi hujum paytida Ukraina o‘z hududining 257 kvadrat kilometrini boy bergan. Rossiya qo‘shinlari frontning boshqa tarmoqlarida, xususan, Ukraina janubidagi Rabotnoye qishlog‘i hisobidan jami yana 21 kvadrat kilometrni egallab oldi. 

Shunday qilib, Rossiya armiyasining bir hafta ichida Ukrainada oldinga siljishi 2022 yil dekabridan beri eng muhim voqea bo‘ldi, deya ta’kidlaydi AFP. Hammasi bo‘lib, qo‘shni davlatning hujumi 2022 yil fevral oyida boshlanganidan beri, ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 65,3 ming kvadrat kilometr yoki Ukraina hududining 12 foizini egallab oldi. Nashrda ko‘rsatilgandek, Qrim ushbu hisob-kitoblarda hisobga olinmagan. 

Rossiyaning Xarkiv viloyatiga hujumi 

Rossiya armiyasi 10 may kuni ertalab Xarkiv viloyatiga hujum boshladi. 16 mayga qadar Rossiya Qurolli kuchlari mintaqada o‘nga yaqin aholi punktlarini egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Ular orasida Vovchansk shimolidagi Pletenevka va Gatishche, shuningdek, Borisovka, Ogursovo, Pilnaya va Strelechya bor. 

14 may kuni kechqurun Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi Facebook’da Ukraina bo‘linmalari dushmanning hujum amaliyotlari fonida «harbiy xizmatchilar hayotini saqlab qolish uchun manyovr qilgani va yanada qulayroq pozitsiyalarga o‘tgani» haqida yozdi.

16 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Telegram’da «Sever» kuchlar guruhi bo‘linmalari dushman mudofaasiga kirib kelgani hamda Xarkiv viloyati Dergachi, Lipsi va Vovchansk aholi punktlari hududlarida «Kraken» va xorijiy legion tuzilmalari, 125-mudofaa brigadasi kuchi va texnikasi, 15-chegara otryadi kuchlarini mag‘lubiyatga uchratgani haqida xabar berdi.

«Bundan tashqari, Xarkiv viloyatidagi Staritsa va Glubokoye aholi punktlari hududlarida ikkita qarshi hujum qaytarildi», — deya ta’kidlaydi Rossiya mudofaa vazirligi. 

O‘z navbatida, Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Oleg Sinegubov 16 may kuni Telegram’da kun boshidan beri Ukraina qo‘shinlari bo‘linmalari «Pilnaya - Lipsi, Lukyansi - Slobojanskoye, Pilnaya - Slobojanskoye, Murom - Staritsa yo‘nalishlarida dushmanning to‘rtta hujumini muvaffaqiyatli» qaytarganini yozdi. 

Ko‘proq yangiliklar: