Slovakiya bosh vaziriga suiqasd qilgan shaxsning maqsadlari ma’lum bo‘ldi

Jahon 21:27 / 16.05.2024 6417

15 may kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga suiqasd qilgan Yuray Tsintula hech qanday radikal guruhga a’zo bo‘lmagan, ammo hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Matush Shutay-Eshtok ma’lum qildi. 

Shutay-Eshtok so‘zlariga ko‘ra, Tsintula «siyosiy voqealarda faol ishtirok etgan». 

Suiqasdning sababi Fitso hukumati faoliyatiga nisbatan norozilik, jumladan, Ukrainaga harbiy yordam miqdorini qisqartirish, hukumatning RTVS media kompaniyasi faoliyatiga aralashuvi, maxsus prokuror ofisining tugatilishi yoki mamlakat sudyalar kengashi rahbarining lavozimidan ozod etilishi ekani aytilmoqda. 

16 may holatiga ko‘ra, Robert Fitsoning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Slovakiya mudofaa vaziri Robert Kaliniak jurnalistlarga «Biz hozircha g‘alaba qozonyapmiz, deb ayta olmaymiz, chunki to‘rtta o‘qdan yetkazilgan jarohatlar ko‘lami juda katta», dedi. 

71 yoshli Tsintula qotillikka urinishda ayblangan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Uning o‘zi hujumni bir necha kundan beri rejalashtirganini tan olgan, biroq Fitsoni o‘ldirmoqchi bo‘lmaganini da’vo qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: