Ukrainadagi urushning 812-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- RF mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Rabotineni nazoratiga olganini ma’lum qildi. Ukraina QK qo‘mondonligi buni rad etmoqda.
- Vladimir Putin Bosh shtabda o‘zgarishlar «yo‘qligi va rejalashtirilmayotgani»ni aytdi.
- Leningrad harbiy okrugiga general Aleksandr Lapin rahbar etib tayinlandi. Xarkiv oblastida aynan ushbu okrug bo‘linmalari hujumga o‘tgan.
- Zelenskiy Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastida yurishga o‘tgani munosabati bilan xorijiy safarlarini qoldirdi.
- Rossiyalik harbiylar Xerson markazini o‘qqa tutdi. 18 kishi jarohat olgan.
- Rossiya mudofaa vazirligi Qrimga ATACMS rusumli 10 ta raketa bilan hujum qilingani haqida ma’lumot berdi.
- Ukraina QK bosh shtabi ukrain harbiylari Vovchansk hududida «nisbatan qulayroq pozitsiyalarga ko‘chib o‘tgani» to‘g‘risida xabar berdi.
- Qozon va Nijnekamskdagi aeroportlar dronlar hujumi xavfi tufayli faoliyatini to‘xtatdi.
Xarkiv oblastidagi ukrain artilleriyachilari
Rossiya qo‘shini 10 may kuni Xarkiv oblastining chegaradosh rayonlarida yurish boshladi. RF harbiylari yaqinlashib kelayotgan aholi yashash manzillaridan odamlar evakuatsiya qilinmoqda, bu ko‘p hollarda tinimsiz zarbalar ostida amalga oshirilmoqda. Ukraina qo‘mondonligi 14 may kuni jangchilarning hayotini saqlash uchun Xarkiv oblastining Volchansk va Lukyansi rayonlaridagi bo‘linmalar «nisbatan qulayroq pozitsiyalar»ga ko‘chirilgani haqida ma’lum qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya qo‘shini qarshi hujumi fonida xorijga safarlarini bekor qilgan.
Xarkiv oblastidagi murakkab vaziyatga qaramay, ukrain harbiylari, jumladan qo‘sh ataman Ivan Sirko nomidagi 92-alohida mexanizatsiyalashgan brigada mudofaani ushlab turishda davom etmoqda. 12 may kuni brigadaning telegram-kanalida jangchilar frontning Xarkiv uchastkasidagi uzoq muddatli o‘t ochish nuqtasi (DOT) qanday ko‘rinishda ekanini ko‘rsatgan video paydo bo‘ldi. «Yaxshi jihozlangan. Kerakli barcha narsa bor. Burjuyka tashqarida. Atrof o‘rmonzor. Kim yomon qurilgan deb aytdi? Yer ostida qazilgan. Bizda bo‘lgan eng yaxshisi», — deydi kadr ortidagi ovoz.
Video ushbu yo‘nalishda jang qilayotgan ukrain harbiylaridan biri Denis Yaroslavskiy feysbukdagi sahifasida frontning RF qo‘shini hujumga o‘tgan uchastkasida zarur mudofaa inshootlari yo‘qligini yozgandi. «2 yil ichida Ukraina chegarasida yer ostida uch qavatli beton istehkom qurilishi kerak edi! Aslida esa hatto minalar ham yo‘q. Bu misli ko‘rilmagan darajadagi o‘g‘rilik yoki qasddan qilingan sabotaj, degan fikrga keldik», — degandi u.
Ukraina qurolli kuchlarining Dnipro so‘l sohiliga tushirilayotgan desantchilari
Krinki — Ukraina QKning Dnipro daryosi chap sohilidagi muhim platsdarmidir. 2024 yil fevralida RF mudofaa vazirligining o‘sha vaqtdagi rahbari Sergey Shoygu Vladimir Putinga Krinki «tozalangani» to‘g‘risida hisobot bergandi. Ukraina tomoni bu bayonotni «manipulyatsiya va faktni soxtalashtirish» deb atagandi. May oyi o‘rtalariga kelib ham ukrainalik harbiylar hamon Krinki hududida amaliyotlar o‘tkazmoqda.
Razvedka droni uchirilishi
Bu urushda ikki tomon ham dronlarning turli turlaridan faol foydalanmoqda. Xususan, operatorlarga vaziyatni jonli efirda kuzatib turish imkonini beruvchi FPV-dronlar jang maydonida razvedka ishlarini olib borishga yordam beradi, ular portlovchi moddalar olib yurishi va raqibga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar berishi mumkin. Ukrainalik harbiylar qo‘llayotgan pilotsiz uchish qurilmalari orasida «Furiya» dronlari ham bor. Ukrainada ishlab chiqarilgan bu qurilma taktik havo razvedkasi va artilleriya zarbalarini yo‘naltirishga mo‘ljallangan. Ukrain nashrlari yozishicha, xarakteristikasiga ko‘ra «Furiya» 65 km/s tezlikda harakatlanib, havoda uch soatgacha qolishi (havo sharoitiga bog‘liq) va dushman nazoratidagi hududga 50 kilometrgacha kirib borishi mumkin.