Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Andijon tuman gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi O‘.P. va mahallada ishlash xizmati bo‘limi boshlig‘i A.Q. o‘zaro til biriktirib, aholi xonadonlarini yuqori bosimli tabiiy gaz tarmog‘iga ulash uchun ruxsat beruvchi loyiha hujjatlarini tayyorlab, tarmoqqa ulab berishi evaziga fuqaro Z.T.dan 7000 AQSh dollari talab qilishib, ushbu pullarni bo‘lim boshlig‘i A.Q. o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Koson tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Qashqadaryo viloyat elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Sh.A., Koson tuman ETK elektr montyori I.N. va fuqaro X.X. o‘zaro til biriktirib, “Maydayobu” MFYda yashovchi O.X. va B.A.ning xonadonlarida o‘rnatilgan hisoblagichlarning muhri buzilganligi holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga elektr montyori I.N. fuqaro O.X.dan 12 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bundan tashqari, elektr montyori I.N. va fuqaro X.X. Koson tumanida yashovchi 7 nafar fuqaroga dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga ularning 11,4 mln so‘mini qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) hamda 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.