“Voyaga yetmaganga shilqimlik qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi” – Bosh prokuratura prokurori

O‘zbekiston 12:25 / 14.05.2024 12731

Namanganda 7 yoshli qizga uyatsiz harakatlar qilgan erkak sobiq IIB xodimi emas. U pensiyagacha qorovul bo‘lib ishlagan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuratura katta prokurori Laylo Fayzimurodova Kun.uz jurnalistining savoliga javoban ma’lum qildi.

Prokurorning ta’kidlashicha, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan shilqimlik qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“O‘tgan yili qabul qilingan qonunga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shilqimlik moddasi kiritilgan edi. Ushbu modda voyaga yetmaganlarga nisbatan shilqimlikni nazarda tutmagan. Jinoyat kodeksida 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyati nazarda tutilgan 129-modda bor.

Natijada “modda o‘yini” boshlandi: Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atiladimi yoki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik) asosida faqat ma’muriy javobgarlikmi? Bunday holatlar bo‘ldi. Prokuratura tomonidan tahliliy ishlar amalga oshirildi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatdan so‘ng bu masala ko‘tarilib, Oliy sud plenum qaroriga agar shilqimlik 16 yoshga to‘lmagan bo‘lgan shaxsga nisbatan bo‘lsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rilishi haqida o‘zgartirish kiritildi. 

Namangandagi holatga keladigan bo‘lsak, u erkak sobiq ichki ishlar xodimi ekanligi haqidagi ma’lumot inkor etildi. Ushbu shaxs nafaqaga chiqquncha qorovul bo‘lib ishlagani aniqlangan”, dedi Laylo Fayzimurodova.

Eslatib o‘tamiz, Namanganda 7 yoshli qizga uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan 68 yoshli erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Keyinroq uning qilmishi qayta malakalangan hamda u qamoqqa olingan.

 Ma’lumot uchun, 2023 yil aprel oyida jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish, shaxsni, uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi so‘zlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash yoxud unga nisbatan shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilangandi.

2023 yilda shahvoniy shilqimlik qilish aybi bilan 666 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ularning 233 nafariga jarima jazosi, 433 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.  

Ko‘proq yangiliklar: