Xalqaro jinoiy sud (XJS) bosh prokurori Karim Xonning ofisi rohinja xalqini ta’qib qilgani uchun insoniyatga qarshi jinoyat ayblovi bo‘yicha Myanma qurolli kuchlari rahbari Min Aun Xlaynni hibsga olish orderi berilishiga erishishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Reuters.
Bayonotda aytilishicha, prokuror ofisi «keng qamrovli, mustaqil va xolis tergov» o‘tkazib, Min Aun Xlaynni Myanma hamda Bangladeshdagi rohinjalarni ta’qib va deportatsiya qilishda jinoiy javobgarlikka tortishga «o‘rinli asoslar bor», degan xulosaga kelgan.
Myanma XJS a’zosi emas. Ammo rohinjalar qochib o‘tgan unga qo‘shni Bangladesh Xalqaro jinoiy sud a’zosi va tashkilot avvalroq mamlakat chegarasidan tashqarida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ham «hech bo‘lmaganda qisman» sud qilish huquqiga ega ekanini bildirgan.
2017 yilda 700 mingdan ortiq Rohinja musulmonlari Myanma harbiylari tomonidan o‘tkazilgan operatsiyalar oqibatida Rakxayn shtatidagi o‘z uylarini tashlab, Bangladeshga qochishga majbur bo‘lgandi. BMT tergovchilari bu «genotsid maqsadida» amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Myanmadagi buddistlar rohinjalar genotsidini rad etib, tinch aholi ta’qib qilinmayotgani, harbiylar esa terrorchilarga qarshi operatsiyalar o‘tkazayotganini ta’kidlab keladi.
Prokuror ofisining so‘rovi XJS Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergani uchun keskin tanqidlarga uchragani fonida berilgan.