Yangi zelandiyalik rassom Charlz Frederika Goldi tomonidan chizilgan maori qabilasining boshlig‘i portreti kimoshdi savdolarida rekord narxda sotildi, deb xabar beradi BBC.
Qayd etilishicha, rassom Charlz Frederika Goldi «Taxuna o‘ylari» nomli portretida maori qabilasining boshlig‘i Varekauri Taxunani tasvirlagan. Maorilar oqsoqoli hisoblangan ushbu erkak mahalliy aholi orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan ruhoniy hamda o‘z avlodida yuziga tatuirovka tushirgan so‘nggi vakil edi.
Kimoshdi uyi ma’lumotlariga ko‘ra, portret 2,2 million dollarga sotilgan — bu Yangi Zelandiyada auksion orqali sotilgan eng qimmat kartinadir. OAVning yozishicha, kimoshdi savdolari g‘olibi o‘zining anonim qolishini so‘ragan.
Xalqaro san’at markazi direktori Richard Tomsonning qo‘shimcha qilishicha, ushbu kartina birinchi marta 1991 yildan beri savdolar predmetiga aylangan. Kimoshdi uyi Goldining jami 13 ta kartinasini sotgan va har safar xaridorlar 1 million Yangi Zelandiya dollaridan ortiq mablag‘ to‘lagan. «Yangi zelandiyaliklar o‘z tarixini yaxshi ko‘radi va Goldi portretlariga doim talab bo‘lgan», — deydi u.
Avvalroq AQShda chordoqdan topilgan portret 1,4 mln dollarga sotilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. XVII asrga tegishli ekani aytilayotgan ushbu kartina niderlandiyalik mashhur rassom Rembrandt tomonidan chizilgan bo‘lishi mumkin.