Qashqadaryo hokimi 22 nafar mas’ulni ishdan oldi

O‘zbekiston 18:39 / 14.05.2024 9480

Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov o‘z rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda «kun tartibidagi masalalarning bajarilishiga e’tiborsizlik bilan qaragani» uchun 22 nafar mas’ulni lavozimidan ozod etdi. 

Qayd qilinishicha, yig‘ilishda Sayxunobod, Uychi va Zarbdor tajribalarini keng joriy qilish, bandlikni ta’minlash, aholini biznesga jalb etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, muammoli kreditlar ulushini qisqartirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatining tashkil etilishi hamda Hisob palatasi tomonidan davlat xaridlarining qonuniyligini o‘rganish masalalari ko‘rib chiqilgan. 

Yig‘ilish kun tartibidagi masalalarning bajarilishiga «e’tiborsizlik bilan qaragani» uchun 22 nafar mas’ul lavozimidan ozod etilgan. 29 nafarini vazifasidan ozod etish bo‘yicha Respublika rahbariyatiga taqdimnoma kiritilgan. 41 nafar mas’ulga intizomiy jazo chorasi qo‘llangan, 27 nafarining faoliyati qoniqarsiz deb topilib, keyingi chorak yakunlari bo‘yicha ijobiy o‘zgarish qilmagan taqdirda, ularga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan. 

Ta’kidlanishicha, viloyatdagi axborot xizmatlari va OAV vakillariga ijtimoiy roliklar, ish o‘rinlari e’lonlari, imtiyozli kredit hamda subsidiyalarga oid materiallarni keng jamoatchilikka yetib borishi uchun targ‘ibotini kuchaytirish vazifasi topshirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: