Transport va turizm obektlarida xavfsizlik departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 16 aprel kuni Dubay shahrida Uzbekistan Airways aviakompaniyasining reysi Toshkentga uchishga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lgan.
Samolyot eshiklari yopilgan va trap olib tashlangan, biroq noqulay ob-havo sharoiti tufayli parvoz kechiktirilgan. Bu vaqtda yo‘lovchilardan biri, 1979 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi janjal keltirib chiqargan.
U baland ovozda so‘kingan va samolyot eshiklarini ochishni talab qilgan. Samolyot ekipaji g‘azab otiga mingan ayol bilan munozara qilishga urinib ko‘rgan. Yana bir yo‘lovchi ham uni tinchlantirishga uringan, biroq bu ayollar o‘rtasida mushtlashuvga sabab bo‘lgan.
Dubay aeroporti politsiyasi ikkala yo‘lovchini ham reysdan olib chiqib ketdi, parvoz oxir-oqibat 2 soatga kechiktirildi, natijada boshqa reyslar jadvali majburiy o‘zgartirildi va aviatashuvchiga 5037 dollar miqdorida qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqardi.
Transport va turizm obektlarida xavfsizlik boshqarmasi tomonidan yo‘lovchilarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, yetkazilgan zarar to‘liq qoplandi, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzilib, sudga yuborildi.