Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi ishtirokchilariga tabrik so‘zini yo‘lladi.
Davlat rahbari ushbu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlagan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga, BMT bosh kotibi o‘rinbosari, «BMT-ayollar» tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxusga, BMT Jyeneva bo‘linmasi rahbari Tatyana Valovaya va Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungongga minnatdorchilik izhor qildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi faolligini yanada oshirishi, o‘zaro tajriba almashish va do‘stona hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishini ta’kidladi.
«So‘nggi 7 yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining 25 foizi ayollardan iborat. Bugun har bir mahallamizda ham ularning o‘z vakillari bor. Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Salkam yarim million nafar singillarimiz ish bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ziyodini qizlar tashkil etmoqda. Bu borada olib borayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda. Xususan, Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etilgani, ochiq gender ma’lumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi», deyiladi tabrik so‘zida.
Davlat rahbari xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rahbarlik qobiliyatini va tadbirkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqirish, ularga zamonaviy bilim berish, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash, ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj ayollarning muammolarini tizimli hal qilish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
«Bugungi anjuman natijasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi asosida kelgusida BMT Bosh Assambleyasining «Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasining qabul qilinishi barchamizning bu boradagi ezgu intilishlarimizning yorqin amaliy ifodasi bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, barchangizga yana bir bor sihat-salomatlik, baxt va omad, forum ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolaman», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.