Bosh prokuratura katta prokurori Laylo Fayzimurodovaga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarga jinsiy yoki sog‘ligi bilan bog‘liq bo‘lgan zo‘ravonlik holatlarini sodir etib, javobgarlikka tortilgan shaxslar bolalar bilan ishlash huquqidan mahrum etiladi. IIV tomonidan bunday toifadagi shaxslar ro‘yxati tuzilib, reyestri yuritiladi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va mehnat vazirligi bilan integratsiya qilinadi. Hozirda bu tartib loyihasi ishlab chiqilgan.
AOKAda Bosh prokuratura mutasaddilari ishtirokida voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Kun.uz jurnalisti mutasaddilarga bir necha savol bilan yuzlandi.
Kun.uz jurnalistining O‘zbekistonda pedofillar reyestri yuritilishi rejalashtirilayotgani yoki yo‘qligi borasidagi savoliga Bosh prokuratura katta prokurori Laylo Fayzimurodova javob qaytardi. Unga ko‘ra, hozirda bunday tartib loyihasi ishlab chiqilgan.
“Qozog‘istonda pedofillar ro‘yxati yuritiladi, bu tizim bor. O‘zbekistonning biror bir me’yoriy-huquqiy hujjatida “pedofil” degan termin belgilanmagan. Pedofiliya — kasallik, ekspertlar aynan pedofiliya kasalligi to‘g‘risida tashxis qo‘yishi kerak. Qanday holatlar pedofiliya deb baholanishi to‘g‘risida biror bir tartib mavjud emas bizda.
Lekin 2023 yil aprel oyida xotin-qizlar va bolalarni himoya qilishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan. Mazkur qonun bilan bevosita «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Ya’ni aynan bolaga nisbatan jinsiy yoki sog‘ligi bilan bog‘liq zo‘ravonliklarni sodir etib, javobgar bo‘lgan shaxs unga nisbatan mazkur toifadagi ishlar tugatilgan, amnistiya akti qo‘llanishidan qat’i nazar bola bilan ishlash huquqidan mahrum etiladi. Hozirgi kunda mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligida ishlar olib borilyapti, tartib loyihasi ishlab chiqilgan. IIV tomonidan bunday toifadagi shaxslar ro‘yxati tuzilib, reyestri yuritiladi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va mehnat vazirligi bilan integratsiya qilinadi.
2021 yilda Vazirlar Mahkamasining “Bola himoyasi” yagona elektron dasturiy monitoring tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgandi. Mazkur qaror loyihasida O‘zbekistonda «Bola himoyasi» monitoring tizimini joriy etish nazarda tutilgandi. Biroq mazkur tizimning taqdiri hozircha noma’lum.
Laylo Fayzimurodova jurnalistning bu boradagi savoliga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Bu bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan platforma ishlab chiqilgan. hukumat qaroriga binoan bu platformani yuritish Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan. Buning asosiy sababi, o‘sha platforma yaratilgan vaqtda vasiylik va homiylik organi ta’lim tizimi qoshida bo‘lgan. Shuning uchun ham Bosh prokuratura tarkibida emas, aynan o‘sha tizimda joriy etish taklif etilgan. To‘xtab qolganiga sabab vasiylik va homiylik tizimi mahalliy hokimiyatlar tizimiga o‘tkazildi, hozirda esa Ijtimoiy ximoya agentligiga o‘tib ketdi. Bu jarayonlarda ushbu platformaning qayta ishlashi, qaytadan ko‘rib chiqish, qaysi vazirlik, agentlik tizimida bo‘lishi masalasi bor. Bu Ijtimoiy himoya agentligiga bog‘liq masala», deya ta’kidlagan Bosh prokuratura katta prokurori.
Matbuot anjumanida prokuratura organlari tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot ham berildi.