O‘zbekiston - Vengriya qo‘shma investitsiya fondi miqdori uch barobarga ko‘paytiriladi

Iqtisodiyot 10:42 / 13.05.2024 1400

Vengriyaning Daily News Hungary nashrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishi yakunlari haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

"Vengriya va O‘zbekiston o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirayotgani, uni yanada kengaytirishga, jumladan, energetika sohasida ham tayyor ekani ta’kidlandi. Bu haqda Toshkentda Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi", — deyiladi maqolada.  

Nashrda yozilishicha, Vengriya-O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishida so‘zga chiqqan vazir Peter Siyyarto, shuningdek, o‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 100 million yevrodan oshganini, venger kompaniyalari O‘zbekistonga sarmoya kiritishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

Materialda, ikki davlat har bir loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma investitsiya fondini uch barobarga ko‘paytirib, 150 million dollarga yetkazishga tayyor ekanligi ma’lum qilingan. Shuningdek, kelgusida energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish kutilmoqda.

Elektron nashr vazir Peter Siyyarto Toshkentda O‘zbekiston investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashgani haqida ham xabar bergan. Vazirlar qo‘shma bayonotida 2010 yildan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash 86 foizga o‘sganini ta’kidladilar, deyiladi manbada.

Tomonlar bank ishi, farmatsevtika va ta’lim sohalaridagi o‘zaro hamkorlik yutuqlarini qayd etishdi.

Ko‘proq yangiliklar: