Tariflar oshishi, bazaviy norma kiritilishi bilan, uy egalarida energosamaradorlik masalasiga qiziqish ortdi. Kun.uz bu boradagi bazaviy bilimlarni ulashishini so‘rab, energosamarador qurilish sohasida ekspert, Airbest kompaniyasi ta’sischisi Sobir Shermuhammadga murojaat qildi. U nafaqat nazariy, balki amaliy test orqali ham ko‘pchilik uy egalari e’tiborsiz qoldiradigan holatlarni yaqqol ko‘rsatib berdi.
Sobir Shermuhammad uzoq yillardan buyon qurilish sohasida faoliyat yuritadi. 10 yildan ortiqroq vaqtdan buyon energosamarador qurilish yo‘nalishida Yevropa va AQSh tajribasini o‘rgangan. U ta’sischisi hisoblanuvchi Airbest kompaniyasi binolarning termoizolyatsiyasi va germetikasi bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar asosida xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, energosamaradorlik – bu isitish asboblaridan tejamkorona foydalanish degani emas. Elektr yoki gazni kamroq ishlataman degan bilan, odam faqat diskomfortga erishadi. Shu sabab, oddiy qoida quyidagicha: uyni isitish muammo emas, muammo – uydagi issiqlikni saqlab qolish.
“Energosamardor uy deganda uy ichidagi komfort iqlimni saqlab qolgan holatda, juda kam energiya iste’mol qilish tushuniladi. Chet eldagi germetik holatdagi uylarni solishtiradigan bo‘lsak, bu uylarning energiya iste’moli minimum darajada. Bu nima degani? Ya’ni uy shunchalik germetizatsiya qilinganidan, isitish uchun o‘ta kam energiya sarflanadi, bunda hatto uy ichidagi odamlar o‘zlaridan chiqaradigan issiqlik ham haroratni mo‘tadil saqlab turishga yetarli bo‘ladi”, – deydi u.
Sobiq Shermuhammadning ta’kidlashicha, uy qurishda xarajatlarning faqat bitta toifasi keyinchalik uy egasining chiqimlarini kamaytirishga xizmat qiladi: bu – sifatli izolyatsiya va germetizatsiya uchun sarflangan xarajatlardir.
“Izolyatsiya va germetizatsiya qilish ayrimlarning nazari bilan qaraganda sizga obro‘ olib bermaydi, chunki uni birovga ko‘rsatib maqtanolmaysiz – shiftning orqasida, devorning orasida, polning tagida qolib ketgan bo‘ladi. Ya’ni ko‘zga ko‘rinmaydi. Lekin ko‘rinmasdan shunchalik pulingizni tejaydiki, siz uning orqasidan keyinchalik katta komfortga erishasiz.
O‘zi, uyni isitish deganda, isitish tizimlaridan foydalanish emas, issiqlikni saqlab qolish tushuniladi. Isitish tizimi esa faqatgina yo‘qotilayotgan issiqlikni kompensatsiya qilish vazifasini bajaradi”, – deydi suhbatdoshimiz.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda qurilayotgan aksariyat yangi uylar termoizolyatsiya va germetizatsiya bo‘yicha talablarga javob bermaydi.
“Bizdagi SNIPda uyning germetik holati degan tushuncha deyarli yo‘q. Hozir O‘zbekistonga ham kirib kelayotgan uskunalar bilan uylarning germetik holatini tekshirsa bo‘ladi. Ya’ni uy ichida isitilgan havo qanchalik chiqib ketyapti, tashqaridan sovuq havo qanchalik kirib kelyapti – buni o‘lchash mumkin. Bizning kompaniyamiz ham bu bilan shug‘ullanadi. O‘tkazayotgan sinovlarimizdan kelib chiqib aytish mumkin, hozir yangi qurilayotgan uylarning juda kam qismi sinovda yaxshi natijalar ko‘rsata oladi.
Yevropa me’yorlaridan kelib chiqsak, xona ichidagi havoning aylanib, yangilanib turishi miqdori chegaralangan. Germaniyadagi uylarning energosamaradorligi bilan shug‘ullanadigan mashhur ilmiy-tadqiqot markazi – Passivhaus Institut standartiga ko‘ra, uy ichidagi havo aylanishi 1 soatda uzog‘i yarim baravar bo‘lishi kerak, ya’ni 1 soatda xona ichidagi havoning faqat yarmi chiqib ketishi kerak. Bizning uylarimiz-chi? O‘tkazgan testlarimizda havo aylanishi 8,5 baravar bo‘lib chiqdi.
Vaholanki, uy yangi qurilgan. Izolyatsiya va germetizatsiyasi shunchalik yomonki, xona ichidagi havo bir soatda 8,5 marta almashishga ulguradi. Havo chiqib ketganidan keyin, o‘rniga kirgan sovuq havoni biz yana boshqatdan isitishimizga to‘g‘ri keladi, bu esa xarajat degani”, – deydi u.
Mutaxassis binolarning termoizolyatsiya va germetikasi qanday o‘lchanishiga oid misollardan biri bilan tanishtirdi. AQShdan olib kelingan uskunalar yordamida o‘tkazilgan test jarayoni bilan batafsil yuqoridagi video orqali tanishishingiz mumkin.
Ibrohim Samatov tayyorladi.