Shvetsiyada o‘quv markazidagi otishma vaqtida 10 kishi halok bo‘ldi

Jahon 10:54 3156

4 fevral kuni Shvetsiya markaziy qismida, poytaxt Stokholmdan 200 km g‘arbdagi Erebru shahrida bolalar maktabi bilan yonma-yon joylashgan katta yoshlilar uchun o‘quv markazida otishma ro‘y berdi.

Mahalliy nashrlar avvaliga hodisa oqibatida bir necha kishi halok bo‘lganini xabar qilgan, rasmiy ma’lumotlarda esa olti kishi jabrlangani aytilgan, qurbonlar haqidagi xabarlarga izoh berilmagandi. 

Shahar politsiyasi boshlig‘i Roberto Eyd Forest kun oxiriga kelib «10 kishi o‘limi»ni tasdiqladi, ular orasida hujum uyushtirgan shaxs ham bor. Hozircha politsiya qurbonlar soniga aniqlik kiritilmagan.

Hujum uyushtirgan shaxs haqida shu vaqtgacha politsiyaga tanish bo‘lmagan, u qandaydir uyushgan guruh a’zosi ham emas. Politsiya hozircha hujumda terrorchilik motivlarini topmagan.

«Jinoyatchi yakka holda harakat qilgan, deb o‘ylayapmiz», — degan Forest va mazkur «favqulodda fojiali hodisa» yuzasidan tergov jarayoni hali juda erta bosqichda ekanini qo‘shimcha qilgan.

Shoshilinch tarzda chaqirilgan matbuot anjumanida Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson o‘quv muassasidagi otishma qurbonlar soni bo‘yicha mamlakat tarixida bemisl holat bo‘lganini aytgan.

«Shvetsiyada sodir bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligimiz kerak bo‘lgan voqea yuz berdi», degan u. Bosh vazirning yonida turgan adliya vaziri Gunnar Strommer esa uning ortidan Shvetsiya «hech qachon maktabdagi bunday ko‘lamdagi otishmaga guvoh bo‘lmagani»ni qayd etgan.

Shuningdek, Strommer qurbonlar orasida ilgari politsiyaga ma’lum bo‘lmagan jinoyatchi ham borligini qo‘shimcha qilgan.

«Hozirda qurbonlardan biri asosiy gumonlanuvchi hisoblanmoqda. Ilgari u politsiyaga ma’lum bo‘lmagan va biz hozircha bu nega ro‘y berganini bilmaymiz», — degan vazir.

Rasmiylar shahar aholisini boshqa hujumlar bo‘lishini kutishga asos yo‘qligiga, shu tufayli keyingi kuni bolalarni maktabga yuborish mumkinligiga ishontirgan.

125 ming aholi yashovchi Erebru — Shvetsiyaning aholi soni bo‘yicha oltinchi o‘rindagi munitsipaliteti hisoblanadi.

Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da Komvuksda — asosan boshlang‘ich yoki o‘rta maktabni tamomlamagan o‘smirlar qatnaydigan ta’lim markazida ro‘y bergan. U bir necha ta’lim muassasalarini, jumladan bolalar maktabini ham o‘z ichiga oluvchi kampusda joylashgan. Dastlabki xabarlarda otishma maktabda ro‘y bergani aytilgandi.

O‘quv markazi hududiga darhol politsiyachilar, shifokorlar va qutqaruvchilar yo‘l olgan, mahalliy rasmiylar aholini bu hududdan uzoqroqda bo‘lishga chaqirgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda o‘nlab qurollangan politsiyachilar, ko‘plab tez yordam mashinalari hamda favqulodda xizmatlar avtomobillarini ko‘rish mumkin.

Voqea joyiga yaqin joyda joylashgan do‘kon xodimi jurnalistlarga «beshta qisqa portlash»ni eshitganini aytgan. O‘qituvchilar bilan birga yaqin atrofdagi restoranda yashiringan o‘quvchilarning so‘zlariga ko‘ra, maktabga «niqobli odam» kirib, otishma boshlagan.

Politsiyaning hodisa bo‘yicha ilk bayonotida faqat besh nafar jabrlanuvchi haqida gap ketgandi.

«Ayni vaqtda hodisa qotillikka suiqasd, o‘t qo‘yish va og‘irlashtiruvchi holatlarda qurol ishlatib sodir etilgan jinoyat sifatida baholanmoqda», — deyiladi press-relizda.

Keyinroq mahalliy sog‘liqni saqlash xizmatlari besh nafar jabrlanuvchining barchasi mahalliy shifoxonada ekani, ulardan biri og‘ir ahvoldaligini ma’lum qildi. Keyin esa jabrlanganlar soni 6 nafarga yetgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng yana bir matbuot anjumani chaqirildi va unda ko‘plab qurbonlar haqida xabar berildi.

«Niqobli shaxslar» Shvetsiyada avval ham hujumlar uyushtirgan

Shvetsiya jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha milliy kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-2022 yillar davomida mamlakat maktablarida sodir bo‘lgan yetti zo‘ravonlik hodisasida 10 kishi halok bo‘lgan. 2015 yilda ana shunday jinoyatlardan birida irqchilik kayfiyatida bo‘lgan 21 yoshli niqobli hujumchi o‘qituvchining yordamchisini, bir bolani o‘ldirgan va yana ikki bolani yaralagan.

Shvetsiya o‘nlab yillar davomida G‘arb dunyosidagi eng liberal immigratsiya siyosatidan biriga ega bo‘lib kelgan, biroq so‘nggi yillarda mamlakatda jinoyatchilikning keskin o‘sishidan so‘ng, asosan muhojirlarning integratsiyalashuvining yomonligi tufayli o‘z yondashuvini sezilarli darajada qayta ko‘rib chiqdi, deb xabar bergan Reuters.

Ko‘proq yangiliklar: