Jahon | 14:55 / 16.04.2025
1029
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya kabellar qasddan uzilgani bo‘yicha hech qanday dalil topmadi

Shvetsiya rasmiylarida Xitoyda ro‘yxatdan o‘tgan Yi Peng 3 kemasi 2024 yil kuzida Boltiq dengizidagi kabellarni langari bilan ataylab shikastlagani haqida ishonchli dalillar yo‘q.

Foto: Mikkel Berg Pedersen/Ritzau Scanpix/AFP/Getty Images

Shvetsiya Xitoyda ro‘yxatdan o‘tgan Yi Peng 3 kemasi 2024 yil 17-18 noyabr kunlari Boltiq dengizida biri Finlandiya va Germaniyani bog‘lagan, ikkinchisi esa Shvetsiya hududidan Litvaga olib boradigan ikkita kabelga langar bilan qasddan shikast yetkazgani bo‘yicha hech qanday ishonchli dalil topa olmadi. Bu haqda 15 aprel, seshanba kuni Shvetsiya Baxtsiz hodisalarni tekshirish komissiyasi (SHK) ma’lum qildi.

«Xitoy kemasi Boltiq dengizidagi ma’lumotlar uzatish kabellariga ataylab shikast yetkazganini aniq aytish mumkin emas», — deyiladi hukumat organi bayonotida.

Shu bilan birga, Shvetsiya prokurori Henrik Sederman Reuters agentligiga alohida tergov doirasidagi vaziyatni hamon o‘rganayotganini aytdi. Tergovchilar ham bir qator qiyinchiliklarga duch kelishdi, chunki Xitoy hukumati kema ustidan yurisdiksiyani saqlab qoladi va tergov faoliyatini va bortda ular uchun suhbatlar yozib olishni taqiqlaydi, deya aniqlik kiritdi SHK.

Xitoy 2024 yil dekabr oyida tergov uchun ma’lumot va hujjatlar taqdim etganini ma’lum qildi. Rossiya esa Boltiq dengizidagi bunday voqealarga aloqadorligini rad etdi.

Kabel va telekommunikatsiya liniyalarida bir qator uzilishlar yuz berganidan so‘ng mintaqa yuqori darajadagi shay holatga keltirildi. Reuters agentligining ta’kidlashicha, NATO fregatlari, samolyotlari va harbiy-dengiz kuchlarining uchuvchisiz uchoqlari bilan o‘z ishtirokini kuchaytirdi.

Mavzuga oid