Gurjiston parlamentining huquq qo‘mitasi mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari va Yevropa Ittifoqining tanqidlari fonida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. «Qo‘mita yig‘ilishi soat 9:00 da boshlandi va roppa-rosa ikki daqiqadan so‘ng yakunlandi. Yuridik qo‘mita hujjatni ikki daqiqada imzoladi», dedi muxolifat deputati Yekaterina Xerxeulidze 13 may, dushanba kuni brifingda.
«Exo Kavkaza» nashri, shuningdek, huquq qo‘mitasi «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini o‘ta qisqa ko‘rib chiqishdan so‘ng uchinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlaganini yozdi. Shundan so‘ng qonun loyihasi parlament yalpi majlisida uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi.
Gurjiston hukmron partiyasi qonunni may oyi o‘rtalarida kuchga kiritish niyatida
1 may kuni Gurjiston parlamenti «Chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi, 83 deputat uni qo‘llab-quvvatladi, 23 deputat qarshi chiqdi.
Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qonunni may oyi o‘rtalariga qadar kuchga kiritish niyatida. Moliyalashtirishning kamida 20 foizini xorijdan oladigan tashkilotlarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish talab etiladi. Tanqidchilar hujjatda Rossiyaning «chet el agentlari» qonuni bilan yaqqol o‘xshashliklarni ko‘rmoqda, bu esa rasmiylarga tanqidiy ommaviy axborot vositalari va tashkilotlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish imkonini beradi.
Gurjiston hukumati bu qonun loyihasi «davlat suverenitetini mustahkamlash uchun muhim» ekanini da’vo qilmoqda. «Bu masalada murosa qilish mumkin emas, chunki bu qonun jamiyatdagi qutblanishni kamaytiradi», - dedi Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze. U, shuningdek, hukmron partiya ushbu qonunning qabul qilinishiga qarshi bo‘lgan prezident Salome Zurabishvilining vetosini yengib o‘ta olishiga ishonch bildirdi. So‘nggi haftalarda Gurjistonda «Rossiya qonuni»ga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda, ular davomida o‘nlab odamlar qo‘lga olingan.
Gurjistondagi namoyishchilar xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanmoqda
Gurjiston 2023 yil dekabridan buyon Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun rasman nomzod. Bryussel Tbilisini «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishdan voz kechishga chaqirdi va qonunga qarshi chiqqan namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikni tanqid qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Gurjiston hukumatini qonun loyihasini qaytarib olishga, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan «muloqot boshlashga» chaqirdi. Moldova prezidenti Mayya Sandu va Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom ham namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi. AQSh Davlat departamenti ta’kidlashicha, «hukumatning dushmanona siyosati va antidemokratik qonunlarni qo‘llab-quvvatlashi Gurjistonning yevroatlantika kelajagini xavf ostiga qo‘yadi».