Tramp Moskva va Tehronning ittifoqini parchalay oladimi?

Jahon 19:11 2100
Vladimir Putin va Donald Tramp Osakada o‘tgan G20 sammiti doirasidagi uchrashuvda, 2019 yil 28 iyun.
Foto: Mixail Klimentev / Sputnik / Reuters / Scanpix / LETA

Amerikancha marhamat va nafratning bu omixtasi Rossiya-Eron ittifoqini biriktirib turgan aksilg‘arb birligiga nechog‘lik raxna sola olishi haqida sharqshunos Nikita Smagina Carnegie Politika loyihasi uchun maqola yozdi.

Integratsiya avangardida

Ukrainaga bosqin uyushtirilganidan so‘ng Rossiyada Eronga nisbatan paydo bo‘lgan jo‘shqin qiziqish 2024 yil o‘rtalariga kelib ancha so‘ndi. Avval taxmin qilinganidek, Eron yo‘nalishi Moskva uchun g‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tishda ham, yangi iqtisodiy istiqbollar nuqtayi nazaridan ham ko‘makchi bo‘la olmadi. Har ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo yiliga 4-5 mlrd dollar atrofida tebranib turibdi. Garchi Rossiyaga Erondan olib kirilayotgan mahsulotlar hajmi oshgan bo‘lsa-da, Eron kompaniyalarining Rossiya bozoriga keng ko‘lamli ekspansiyasi haqida gapirishga hali erta.

Biroq, iqtisodiy integratsiya nuqtayi nazaridan ikki mamlakat so‘nggi ikki yil ichida ancha ishni amalga oshirdi. Ularning eng muhimi — Eron Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan erkin savdo zonasi to‘g‘risida shartnoma imzoladi va 2025 yilda ishga tushadi. Bu mamlakatlar o‘rtasida barcha tovarlarga boj miqdorini 90 foizga pasaytiradi. Eron uchun yangi erkin savdo zonasi bunday kelishuvlarning birinchisi, YeOII uchun esa ikkinchisi (birinchisi 2016 yilda Viyetnam bilan imzolangandi).

Boz ustiga, Tehron YeOII qoshida kuzatuvchi statusini olish uchun ariza berdi. Moldova, O‘zbekiston va Kuba ham bunday statusga ega, lekin Eron ishlayotgan erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi bitim bilan qo‘lga kiritgan ilk mamlakat bo‘ladi.

Shuningdek, Tehron va Moskva o‘zlarining Shitob va «Mir» to‘lov tizimlarini rasman integratsiya qilishgan. Eron tomoni bayonotlariga ko‘ra, Eron kartalarini Rossiya bankomatlarida shu yildan ishlatish mumkin, Rossiya kartalaridan esa kelgusi yildan Eronda foydalansa bo‘ladi. Bu kelishuv misli ko‘rilmagan bo‘ldi, chunki shu paytgacha na Xitoy, na Turkiya va na BAA banklari Tehron bilan bu borada kelishuvga erisha olgan.

Bunga yana Moskva Tehronning xalqaro birlashmalarga a’zo bo‘lishida ko‘makchi ekanini ham qo‘shsa bo‘ladi. Rossiya tashabbusi bilan Eron 2023 yilda ShHTga a’zo bo‘ldi, Rossiya tomoni Islom respublikasining 2024 yilda BRICS’ga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi. Tehron va Moskvaning alohida harbiy hamkorligini gapirmasa ham bo‘ladi: tomonlar bir biriga qurol-yarog‘ yetkazib berib, Kaspiydan Fors ko‘rfazigacha qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazib kelmoqda.

Umuman olganda, Rossiya Eron bilan shunchaki hamkorlik qilmasdan, Tehron bilan munosabatlarda yangi integratsion modellarni sinab ko‘rmoqda. Erkin savdo zonasi bilan birlashuv, moliyaviy tizimlarni birlashtirish va umumiy xalqaro tashkilotlarga a’zolik ikki mamlakat yaqinlashuvini mustahkamlashi, aloqalarni barqarorlashtirishi va turli tebranishlardan asrashi kerak. Xuddi shu maqsadda tomonlar anchadan buyon tilga olib kelayotgan uzoq muddatli Rossiya-Eron hamkorligi to‘g‘risidagi hujjat tayyorlanmoqda.

Yoyilish konturlari

O‘tgan davrda Rossiya keyinchalik bu tajribani boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda qo‘llash uchun Erondan sinov maydoni sifatida foydalanib ko‘rgan. Masalan, Bushahr shahrida atom elektr stansiyasi qurishda shunday bo‘lgan. Bu AES shunday hamkorlikning namunasi hamda «Rosatom»ning reklama loyihasi bo‘ldi — o‘shanda hech bir davlat bunday murakkab davlatdagi qiyin vazifani o‘zi zimmasiga olishga tayyor emasdi. Yaqin Sharq davlatlari uchun Bushahrdagi tajriba o‘ta ishonarli ko‘rindi, pirovardida rossiyalik pudratchilar Turkiyadagi «Aqquyu» va Misrdagi «Ad-Daba’» atom elektr stansiyalarini qurishda yordam bermoqda.

Bugungi kunda Rossiyaning «Eron tajribasi»ning miqyosi yanada kengaygan. Eron Moskva uchun unikal hamkorga aylandi: ularni aksilg‘arb ritorikasi va ko‘plab sanksiyalar yaqinlashtirib turibdi. Rossiya yangi integratsion vositalarni sinovdan o‘tkazish va kelgusida ularni boshqa davlatlarga nisbatan qo‘llash uchun aynan Eronni tanlab olgani bejiz emas.

Masalan, Moskva allaqachon Misr va BAA bilan xuddi Eron bilan imzolangani singari YeOII doirasida erkin savdo bo‘yicha bitim tuzish arafasida. Shuningdek, potensial nomzodlar orasida Indoneziya ham bor. Bu holatda Hindiston va Xitoy kabi iqtisodiyot bo‘yicha og‘ir vaznlilar bunday taklifni olishmaydi, chunki Kremlning rejalari bo‘yicha YeOII birlashmada yirik iqtisodiy o‘yinchi sifatida qolishi lozim bo‘lgan Rossiyaning yetakchilik qilish zonasi hisoblanadi.

Keyingi namunaviy qadam Eron va Rossiyaning to‘lov tizimlari birlashtirilishi bo‘lishi mumkin. Eron tomoni allaqachon BRICS davlatlarining to‘lov tizimlarini birlashtirish uchun «Mir» va Shitob’ni integratsiya qilish modelidan foydalanishni taklif qilgan.

Parallel ravishda Moskva ShHT va BRICS’ni kengaytirish g‘oyasini ilgari surmoqda. Birinchisiga Eron ortidan possovet davlatlari ichida Rossiyaning asosiy ittifoqchisi Belarus qabul qilindi. BRICS’ga esa Tehron bilan birga Misr, Efiopiya va BAA kirdi, Ozarboyjon va Turkiya esa a’zo bo‘lish istagini bildirgan.

Trampning tahdidi

Eronni xalqaro izolyatsiyadan olib chiqish bo‘yicha bunday muvaffaqiyatlar Amerikaning kelgusi ma’muriyatiga yoqmasligi tayin. Trampning avvalgi prezidentligi «maksimal bosim» siyosati bilan Eron rahbariyatining yodida qolgan. 2018 yilda AQSh yadroviy bitimdan chiqishi va qat’iy iqtisodiy sanksiyalar qaytarilishi Eron uchun XXI asrdagi eng jiddiy sinovlardan biri bo‘ldi.

Biroq Vashingtonning bu yo‘nalishdagi harakatlari Tehron va Moskvaning iqtisodiy integratsiyasiga jiddiy ta’sir o‘tkaza olishi dargumon. Eronga iqtisodiy bosim o‘tkazish limiti Trampning avvalgi prezidentligi chog‘ida nihoyalanib bo‘lgan. Uning o‘rniga kelgan Jo Bayden ham o‘sha siyosatni davom ettirdi — Tehronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning birortasi bekor qilinmadi. Bu Eron va Rossiyaning turli yo‘nalishlar bo‘yicha yaqinlashuviga xalaqit bera olmadi, qaytaga ularni yanada jipslashtirdi. Hozir AQSh tomonidan amalga oshiriladigan qo‘shimcha bosimlar ham aynan shunday samara keltirib chiqarsa kerak.

Albatta, Tramp ma’muriyati yanada murakkab va original qadamlar tashlashi mumkin. Masalan, Eronni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish evaziga Rossiyaga sanksiyalarni yumshatishni taklif etish. Biroq bunday taklif Amerika tashqi siyosatini radikal qayta ko‘rib chiqishni taqozo etibgina qolmasdan, Moskvada ham katta xayrixohlik bilan kutib olinmasligi mumkin. Eron Moskva uchun g‘arbdan xoli yangi xalqaro munosabatlar infratuzilmasini sinovdan o‘tkazuvchi hamkor bo‘lib qoldi va ular bu tajribalardan voz kechishi dargumon.

Ha, Kreml tarafidan sinalayotgan vositalar ha doim ham samarali bo‘lib chiqmayapti, hattoki Rossiyaning iqtisodiy manfaatlari to‘liq javob bera olmaydi. Masalan, Eron bilan bojlarni pasaytirishdan Rossiyaga eksport miqdorini oshirgan Eron tomoni ko‘proq yutdi. Rossiyalik eksportchilar bu yo‘nalishda hozircha hech qanday yutuqni qo‘lga kiritishgani yo‘q.

Biroq, bunday iqtisodiy mayda-chuydalar Kremlni o‘zining geosiyosiy loyihalarini amalga oshirishdan to‘xtata olmasa kerak. Eron Rossiya uchun baxtsizlikdagi ideal hamkorga aylanib bo‘ldi — uning ham G‘arb bilan munosabatlarida yo‘qotadigan narsasi qolmagan. Eron yo‘nalishidagi integratsiyada har qanday muvaffaqiyat Moskvani G‘arbga bog‘liq bo‘lmagan shunday yechimlarni vaqt o‘tishi bilan boshqa hamkorlariga nisbatan ham joriy etishi mumkinligiga umidlantiradi.

Ko‘proq yangiliklar: