Qatar Tashqi ishlar vazirligi HAMAS yetakchilari Dohada emasligini ma’lum qildi

Jahon 19:04 793

Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosi yetakchilari ayni damda Dohada emas, lekin harakatning Qatar poytaxtidagi ofisi yopilmagan. Bu haqda Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Majid bin Muhammad al-Ansoriy jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar berdi TASS.

«Aniq aytaman, muzokaralar guruhining bir qismi bo‘lgan HAMAS yetakchilari hozir Dohada emas va bilganingizdek, ular turli poytaxtlar orasida harakatlanadi», dedi u.

«Bu nimani anglatishini batafsil bayon qilishni istamayman, lekin aniq ayta olamanki, Dohadagi HAMAS vakolatxonasi vositachilik maqsadida tashkil etilgan. Ochig‘i, vositachilik bo‘lmaganida, ofisning o‘zi ham hech qanday vazifani bajarmaydi. Hozircha ular Dohada emasligini tasdiqlashim mumkin, ammo bu nimani anglatishini batafsil bayon qilmayman», deb davom etdi u.

Al-Ansoriy so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda [G‘azo sektoridagi kelishuv bo‘yicha] HAMAS va Isroil o‘rtasidagi vositachilik to‘xtatilgan.

«Biz Dohada HAMAS ofisi bo‘lishi uchun hech qanday sabab ko‘rmayapmiz. Lekin uni yopish, ofisni abadiy yopish to‘g‘risidagi qaror to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizdan eshitiladigan qaror va bu OAV mish-mishlarining bir qismi bo‘lmasligi kerak», dedi u.

Avvalroq Britaniyaning Financial Times gazetasi manbalarga tayanib, Qatar AQSh bosimi ostida HAMAS rahbariyatidan mamlakatni tark etishni so‘raganini, chunki harakat vositachilarning isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar doirasidagi takliflarini bir necha bor rad etgani haqida xabar bergan edi. 9 noyabr kuni al-Ansoriy HAMAS siyosiy byurosining Dohadagi vakolatxonasi yopilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi va uning mamlakatda bo‘lishidan asosiy maqsad «manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi aloqa kanalini» saqlab qolish ekanligini ta’kidladi.

HAMAS siyosiy idorasi 2012 yildan beri Dohada faoliyat ko‘rsatmoqda. Qatar HAMAS yetakchilariga siyosiy boshpana bergan va bu harakatning xorijdagi vakolatxonasi uchun platformaga aylangan.

Ko‘proq yangiliklar: