Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan ikki nafar haydovchiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 10 dekabr kuni Beshariq tumanida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni tadbiriga borgan fuqaroni Yaypan-Rapqon yo‘nalishida harakatlanayotgan “Damas” mashinasi urib yuborgan.
Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etadi.
O‘tkazilgan sud avto-texnik ekspertiza tekshiruvlarida haydovchi piyoda yo‘lning o‘rtasida turganini 20 metr uzoqlikdan ko‘rgan bo‘lsa ham “Damas”ni o‘z vaqtida to‘xtatib qolib, hodisaning oldini olishi mumkin edi, deb topadi.
Yaqinda o‘tkazilgan sud majlisida marhumning vakili haydovchidan moddiy va ma’naviy zarar olmasligini hamda unga qonuniy chora ko‘rilishini so‘raydi.
Sud haydovchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topadi. Uni barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlaydi.
Yana bir holatda Beshariq-Navkat yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “ZIL” yuk mashinasi yo‘lning chap tomoniga burilayotib “Matiz” mashinasini o‘tkazib yubormaydi va YTH sodir etadi.
Oqibatda “Matiz” mashinasida bo‘lgan uch kishi tan jarohatlari oladi. Bir kishi voqea joyida vafot etadi.
Sud “ZIL” haydovchisini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topgan. “ZIL” haydovchisi marhumning dafn marosimi va “Matiz”ni ta’mirlash uchun 128 mln so‘m to‘lb bergani va boshqa holatlar inobatga olingan.
Sud “ZIL” haydovchisini 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda unga 2 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini bergan.