Reuters: Kiyev dastlabki F-16 qiruvchilarini iyun yoki iyulda oladi

Jahon 10:27 / 11.05.2024 3023

Ukraina iyun-iyul oylarida G‘arb ittifoqchilaridan birinchi F-16 qiruvchi samolyotlarini olishni kutmoqda, dedi juma kuni Kiyevdagi yuqori martabali harbiy manba Reuters agentligiga. Ayni damda Daniya, Niderlandiya, Norvegiya va Belgiya Ukrainaga F-16 samolyotlarini yuborishga va’da berdi. Manba bu davlatlardan qaysi biri birinchi navbatda qiruvchilarni yetkazib berishini aytmagan.

Reuters agentligining aniqlik kiritishicha, Ukraina Rossiya Federatsiyasi tomonidan boshlangan urush davomida birinchi marta Rossiya havo ustunligiga qarshi turish uchun Amerikada ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotlarni olishga intilmoqda. Hozirda Ukraina harbiylari Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan juda kamtarona samolyotlarga tayanishga majbur. Mamlakat rasmiylari F-16 kelishini havo kuchlari uchun muhim modernizatsiya deb hisoblamoqda.

Shu hafta Ukraina Qurolli kuchlari matbuot kotibi Ilya Yevlashning aytishicha, ba’zi ukrainalik uchuvchilar jangovar samolyotlarni boshqarish bo‘yicha mashg‘ulotlarni yakunlamoqda. Ukrainalik uchuvchilar Ruminiyadagi o‘quv markazida ham o‘qitiladi, shu maqsadda Niderlandiyadan uchta F-16 samolyoti olib kelingan. Ayni paytda, Chexiya Ukrainaga qiruvchilarda uchish bo‘yicha birinchi simulyatorni topshirdi, deb xabar bermoqda Britaniyaning The Standard nashri.

NYT: Ukraina va’da qilingan 45 ta F-16'dan 6 tasini oladi

The New York Times (NYT) mart oyida yoz o‘rtalariga borib, 12 nafar ukrainalik uchuvchi Daniya, Britaniya va AQShda 10 oylik mashg‘ulotlardan so‘ng F-16 qiruvchi samolyotlarida jangovar missiyalarni bajarishga tayyor bo‘lishini yozgan edi. Bundan tashqari, NYT materialiga ko‘ra, ular front chizig‘iga qaytganida, Ukraina ushbu samolyotlardan faqat oltitasini oladi. Daniya, Niderlandiya, Norvegiya va Belgiya Ukrainaga 45 ga yaqin qiruvchi samolyot jo‘natishga va’da berdi, bu uch kichik eskadrilya uchun yetarli.

Kechikishlar sabablari Ukraina parvoz xodimlarini o‘qitishning uzoq muddatli jarayoni bilan bog‘liq. NYT ta’kidlashicha, ushbu qiruvchi samolyotlardan samarali foydalanish uchun sovet samolyotlarini boshqarishga o‘rgatilgan uchuvchilar birinchi navbatda ingliz tilini va G‘arb parvoz texnologiyalarini o‘rganishlari kerak edi. Bundan tashqari, Vashington uzoq vaqt davomida Kiyevga qiruvchilar yuborishga rozi bo‘lmadi. Oq uy avvalroq F-16 samolyotlari frontdagi vaziyatni o‘zgartira olmasligini ta’kidlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: