«Turkiston albomi» va «Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari» to‘plami YuNESKO «Jahon xotirasi» ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
7–8 may kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida YuNESKO Osiyo va Tinch okeani havzasi bo‘yicha Jahon xotirasi qo‘mitasining 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasi ko‘rsatgan to‘plamlar Osiyo va Tinch okeani havzasining «Jahon xotirasi» ro‘yxatiga kiritildi.
«Turkiston albomi» ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan nodir fotosuratlar va rangli tasvirlarni o‘z ichiga olgan hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondlarida saqlanadi. U tarixiy, arxeologik, etnografik va hunarmandchilik bo‘limlaridan iborat.
«Xudoybergan Devonovning Xorazm vohasi fotosuratlari» albomi xivalik o‘zbek fotograf-novatori, kinematografi, rejissyori va operatori Xudoybergan Devonov kolleksiyasini aks ettiradi. U Xorazm rivojlanishining turli davrlarini o‘z ichiga oladi: Muhammad Rahimxon II, Feruz (1864−1910), Asfandiyorxonning (1910−1918) hukmronlik yillari, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR, 1920−1924) va O‘zSSR (1925−1937) tashkil topgan yillar.