Rubob yasash butunjahon madaniy merosi deb e’tirof etildi

Jamiyat 13:49 / 05.12.2024 1694

Rubob yasash va ijrochilik san’ati insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Tegishli qaror 4 dekabr kuni Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha YuNESKO hukumatlararo qo‘mitasining Asunsion (Paragvay) shahrida bo‘lib o‘tgan 19-sessiyasida qabul qilindi.

Qarorda rubob Markaziy, Janubiy va Janubi-G‘arbiy Osiyo hududlaridagi eng qadimiy musiqa asboblaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabariga ko‘ra, ko‘pmillatli nomzodnoma hujjatini tayyorlashda O‘zbekiston tomonidan Milliy komissiya kotibiyati va Madaniyat vazirligining mutasaddi tashkilotlari ishtirok etgan.

Mazkur element O‘zbekiston Respublikasidan YuNESKO ro‘yxatidan joy olgan 16-element hisoblanadi.

Elementning YuNESKO ro‘yxatiga kiritilishi xalqaro hamda milliy darajada uning ahamiyati haqida xabardorlikni oshirishga, elementni a’zo-davlatlar bilan birgalikda saqlashga va kelgusi avlodlarga yetkazishda yordam beradi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: