Isroil Rafahdagi operatsiyani kengaytirishni rejalashtirmoqda

Jahon 14:40 / 11.05.2024 4182

Isroil harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi 9 may oqshomida Isroil mudofaa kuchlarining (TsAHAL) G‘azo sektori janubida Rafah shahridagi amaliyotini kengaytirish uchun ovoz berdi, deb xabar bermoqda 10 may, juma kuni OAV. Xususan, Axios internet-nashrining ikki suhbatdoshi, gap AQShning salbiy munosabatini keltirib chiqarmaslik uchun armiya harakatlari cheklangan kengayishi haqida ketayotganini da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, nashrning uchinchi manbasi Oq uy bu qadamni juda uzoqqa cho‘zilgan deb talqin qilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Ismini oshkor etmagan isroillik mulozim The Times of Israel gazetasiga hukumat kabineti TsAHALning Rafahdagi operatsiyasini davom ettirishni ma’qullaganini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni keltirmadi.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi ham isroilliklarni asirga olgan jangchilar bilan bitim tuzish bo‘yicha yangi taklif tayyorlash uchun ovoz bergan.

Avvalroq AQSh Isroilga Rafahga keng ko‘lamli hujum uyushtirsa, harbiy yordamni qisqartirish bilan tahdid qilgan edi. Biroq bunga javoban Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti yuzasidan xalqaro tanqidlar ostida, isroilliklar kerak bo‘lsa yakka o‘zi jang qilishga tayyorligini bildirdi.

Isroil G‘azo sektoridagi Rafah o‘tish joyini egallab oldi

7 mayga o‘tar kechasi Isroil harbiylari G‘azo sektorining janubiy qismida Misr bilan chegaradosh Rafah nazorat-o‘tkazish punktining Falastin qismi ustidan «tezkor nazorat» o‘rnatilgani haqida e’lon qildi. Avvalroq Isroil G‘azo sektoridagi HAMASning so‘nggi qal’asi deb ataydigan Rafahga hujumga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida Isroil shahardan tinch aholini evakuatsiya qilishni boshlagan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, besh kun davomida 110 mingga yaqin odam Rafahni tark etgan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri qariyb 35 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: