Ekofaollar Berlin yaqinidagi Tesla zavodiga bostirib kirishga harakat qildi

Jahon 13:47 / 11.05.2024 4786

10 may, juma kuni Germaniya poytaxti Berlin yaqinidagi Gryunxayd shahridagi Tesla zavodiga bir necha yuzlab ekologik faollar kirishga urindi. Poytaxt politsiyasiga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari bu urinishning oldini olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Zavod yaqinida olingan videolarda katta guruhning bino tomon yugurayotgani aks etgan. Ulardan ba’zilari yuzlarini niqob bilan yopib olgan. Kadrlarda himoya dubulg‘alari va tayoq ko‘tarib olgan politsiyachilar ham ko‘rinadi. Politsiya vakilining Tagesspiegel gazetasiga aytishicha, aksiya chog‘ida qo‘lga olishlar yuz bergan, jinoiy surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Faollar Tesla zavodining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilmoqda

8 may, chorshanba kuni Berlin atrof-muhit faollari Gryunxayddagi Tesla zavodining kengaytirilishiga qarshi norozilik namoyishlariga chaqirishdi. 10 may, juma kuni ular Berlinda tegishli talablar bilan miting o‘tkazdi. U Amerika avtomobil ishlab chiqaruvchisi saloni joylashgan Mall of Berlin ro‘parasida tashkillashtirildi. Namoyishchilar «Toza mashinalar – haqiqiy yolg‘on» shiori yozilgan bannerni ko‘tarib oldi.

Tesla zavodiga qarshi diversiyalar kuzatilgan

Joriy yilning mart oyi boshida noma’lum shaxslar elektr tarmog‘i ustuniga o‘t qo‘yib, Berlin yaqinidagi bir qancha aholi punktlarida elektr energiyasi uzilishiga sabab bo‘lgan edi. Xususan, Tesla zavodi ta’minotdan uzilib qolgan. O‘shanda avtomobil ishlab chiqaruvchisi ishlab chiqarishni to‘xtatishga va kompaniya xodimlarini evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: