O‘tgan sutka davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil Rafahga bostirib kirganidan so‘ng, HAMAS harakati G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Isroilga ortiq yon bermasligini e’lon qildi.
Garchi, 7 maydan boshlab Qohirada Misr, Qatar, AQSh, Isroil va HAMAS delegatsiyasi ishtirokida muzokaralar davom ettirilayotgan bo‘lsa ham.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMASning shartlarini bajarish noreal ekanini ta’kidlab, Isroil harbiylari Rafahni shturm qilish bo‘yicha operatsiyasini davom ettirishini aytgan edi. 8 may kuni Isroil tanklar yordamida va havodan shaharga hujum qilgan. Misr bilan chegaradagi «Rafah» nazorat-o‘tkazish punktini egallab olgan. Bu yarador g‘azoliklarni evakuatsiya qilish uchun yagona hayot yo‘li edi.
HAMASning Qatardagi siyosiy boshqaruvi a’zosi Izzat al-Reshiqning aytishicha, harakat avvalroq taqdim etgan o‘t ochishni to‘xtatish taklifi doirasidan tashqariga chiqmaydi.
«Isroil bitimga erishish masalasiga jiddiy qaramayapti, u muzokaralardan Rafahga bostirib kirish uchun vaqtdan yutish sifatida foydalanmoqda», — degan HAMAS vakili.
G‘azo sektorida ishlab turgan insonparvarlik tashkilotlari va tibbiyot xodimlari agar Isroil Rafahda keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlasa bu halokat bilan tugashi, chunki tinch aholini xavfsiz evakuatsiya qilish mutlaqo imkonsiz ekanini ta’kidlashmoqda.
Ular isroillik harbiylar tomonidan chegaradan o‘tish joylari egallanishi va insonparvarlik yuklarini yetkazib berishga yaratiladigan to‘siq keng ko‘lamli harbiy operatsiyasiz ham Rafahda muqarrar halokat keltirib chiqarishini aytishmoqda.
Barcha ehtiyojmandlarga yordam qilishning yagona yo‘li — harbiy harakatlarni to‘xtatish ekani qayd etilgan.
Endi noxush statistikaga o‘tamiz. Isroil bosqini natijasida urushning 216-kuniga kelib G‘azoda o‘lganlar soni 34 ming 904 nafarga yetdi. 78 ming 514 kishi yaralangan. So‘nggi bir sutka ichida Isroil harbiylari 4 ta ommaviy qirg‘inni amalga oshirgan, 60 kishining o‘limi va 110 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lgan.
Isroil tomoni esa G‘azo sektoriga hujum boshlanganidan buyon Isroil xavfsizlik kuchlarining 711 xodimi halok bo‘lganini e’lon qildi. Ularning 637 nafari harbiylar, 68 nafar politsiyachi va 6 nafari ichki xavfsizlik xizmati — Shabak xodimlaridir.
Baydenning Netanyahuga nasihati
AQSh prezidenti CNN telekanaliga intervyu berayotgan chog‘da Isroil hukumatini Amerikaning Afg‘oniston va Iroqdagi xatolarini takrorlamaslikka chaqirgan. Bu bilan Bayden Amerika bombalari qamaldagi G‘azoda tinch aholi ustiga tashlanayotganini bilvosita tan olgan.
Bayden Netanyahu G‘azoga o‘ralashib olishi bilan ogohlantirganini aytib bergan. Prezident AQShning Afg‘oniston va Iroqdagi achchiq tajribasi bilan parallel o‘tkazib, Isroil yetakchisini Falastin hududida «o‘sha xatolarni takrorlamaslik»ka chaqirgan.
«Men Netanyahuga Amerika yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlama, dedim. Biz Usoma bin Lodinni ushlashni istagandik, biz sizlarga Yahyo Sinvarni ushlashga yordam beramiz, dedim», — degan AQSh prezidenti bin Lodinni ushlash uchun Afg‘onistonga kirishdan «ma’no bo‘lmagani»ni qayd etib.
«Ular hali aholi punktlariga kirishgani yo‘q, harbiy harakatlar chegara zonasida ro‘y bermoqda. Men Netanyahuga va harbiy kabinetga agar ular aholi punktiga kiradigan bo‘lsa bizdan harbiy yordam olmasliklarini aniq-ravshan tushuntirdim», — degan Jo Bayden.
Baydenning bu bayonoti qamal qilingan Falastin eksklavida davom etayotgan agressiya fonida Isroilga Amerika qurol-yarog‘lari eksportini bas qilish bo‘yicha ilk va’dasi bo‘ldi. AQSh prezidenti shuningdek, Isroil Amerika qurol-yarog‘lari bilan tinch aholini o‘ldirganini ham tan olgan: «G‘azodagi tinch aholi vakillari bu bombalar va aholi punktlariga uyushtirilgan zarbalar natijasida o‘ldirilmoqda», — degan u.
Talabalarning aksilisroil namoyishlari
AQShdagi talabalarning norozilik namoyishlari g‘arb davlatlaridagi universitetlarga ham yoyilmoqda. Ispaniyaning 76 ta universiteti Isroil universitetlari bilan aloqalarni uzganini e’lon qildi.
Bunga sabab — butun Ispaniya bo‘ylab universitet kampuslarida talabalar sodir tikib, Isroilning G‘azodagi bosqiniga norozilik bildirgani bo‘ldi.
50 da davlat, 27 ta xususiy universitetlarni birlashtiruvchi Ispaniya universitetlari konfederatsiyasi Falastin ilmiy tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni faollashtirishga ham va’da bergan.
Irlandiyaning Triniti-kolleji ham talabalar noroziligidan so‘ng Isroil universitetlari bilan aloqalarni uzishga ko‘ngan. Falastin tarafdorlari Londonning SOAS universitetida ham lager barpo etishgan. Ular ham Isroil kompaniyalari va tashkilotlari bilan hamkorlik to‘xtatilishini talab qilishmoqda.
Avstriyadagi Vena universiteti, Britaniyaning Oksford va Kembrij va Old Kollej oliygohlari ham o‘sib borayotgan aksilisroil norozilik namoyishlariga qo‘shilmoqda.
Shveytsariyada Jyeneva va Lozanna universitetlari talabalari Falastinni qo‘llab-quvvatlab miting o‘tkazishgan.
Niderlandiya poytaxti Amsterdamdagi universitetda o‘tkazilgan shunday namoyishlarni politsiya kuch ishlatib tarqatib yuborgan. Amerikadagi Jorj Vashington universitetida esa politsiya Falastin tarafdorlari bo‘lgan talabalarning lagerini shturm bilan egallagan.
Kampuslardagi norozilik namoyishlari butun dunyo bo‘ylab o‘rmon yong‘ini yanglig‘ tarqalayotgani qayd etilmoqda.
Ukrainadan yangiliklar
Germaniya AQShning zaxiralaridan uchta HIMARS qurilmalarini xarid qiladi va uni Ukrainaga topshiradi. Bu haqda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ma’lum qilgan.
Chexiya tashabbusi bilan Ukraina uchun uchinchi davlatlarda xarid qilingan million snayardning dastlabki 180 mingtasi iyun oyida yetkaziladi. Bu haqda Chexiya prezidenti Petr Pavel ta’kidlab o‘tgan.
Ukraina qurol-yarog‘ sanoatini qaytadan ishga tushirish uchun maxfiy yerosti zavodlari tarmog‘ini yaratadi, deb yozmoqda El Mundo nashri. Bundan ko‘zlangan maqsad — zavodlar Rossiya raketalari nishoni bo‘lishining oldini olish. Bunda ayrim zavodlar yer ostida faoliyat ko‘rsatadi, ayrimlari esa turli dekoratsiyalar bilan maskirovka qilinadi.
Ukrainaga oid yana bir qo‘shimcha ma’lumot: Rossiya Ichki ishlar vazirligi o‘z ma’lumotlar bazasidan Ukrainaning sobiq va amaldagi prezidentlari Poroshenko va Zelenskiy qidiruvga berilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘chirib tashladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni Buyuk Britaniyaga elchi qilib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va uni salomatligi tufayli harbiy xizmatdan ham bo‘shatgan. Fevral oyida Zalejniy o‘rniga Oleksandr Sirskiy bosh qo‘mondon etib tayinlangandi.
Ukraina qurolli kuchlari ofitserlari kelayotgan yoz faslida Rossiyaning keng ko‘lamli oldinga siljishi natijasida front chizig‘i tanazzulga uchrashi mumkinligidan tashvishlarini bildirishgan, deb yozadi Politico nashri.
Oliy martabali ukrainalik harbiylar o‘z nomini sir saqlagan holda ma’lum qilishlaricha, bunga sabab Rossiya armiyasi qo‘mondonligi ulkan yo‘qotishlarga tayyor, ukrainalik askarlarning jangovar ruhiyati va qat’iyati susaygan. Sobiq bosh qo‘mondon vaziyatni o‘nglash uchun Ukraina armiyasiga kamida 500 ming qo‘shimcha harbiy xizmatchilar kerakligini ta’kidlagan edi.
Armanistondagi norozilik namoyishlari
Armaniston poytaxti Yerevan shahri markazida Ozorboyjonga hududlarni yon berishga qarshi mitingga bir necha ming odam to‘plangan. Ular bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’foga chiqishini talab qilgan.
Armaniston muxolifati Pashinyanga qarshi impichment jarayoni ishga tushirilganini e’lon qilgan. Maqsad Armaniston parlamenti — Milliy yig‘inda Pashinyanga ishonchsizlik votumi e’lon qilishga erishish.
Bu haqda Yerevandagi mitingga boshchilik qilayotgan Tavush yeparxiyasi rahbari, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan ta’kidlab o‘tgan. Armanlarning noroziligiga sabab Tavush oblastidagi to‘rtta qishloq chegaralarni aniqlashtirish jarayonida Ozarboyjonga qaytarib berilgani bo‘lgan.
Muxolifat rossiyaparast sobiq prezident Rober Kocharyanni bosh vazir qilishga bel bog‘lagan.
Darvoqe, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning muzokaralaridan so‘ng Rossiya chegarachilari Armanistonning bir qator hududlari, jumladan Qorabog‘ga yondosh chegaralar va Yerevandan chiqariladigan bo‘ldi. Biroq ular Eron va Turkiya chegarasida qoladi.
Moskvadagi g‘alaba paradi
Kecha Moskvada Ikkinchi jahon urushida sovet qo‘shinlarining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabasining 79 yilligiga bag‘ishlangan, so‘nggi 30 yilda an’ana tarziga kirgan harbiy paradi o‘tkazildi. Har yilgidan kamtarroq o‘tgan paradda 9 ming askar, ulardan ming nafari Ukrainadagi urush qatnashchilari va 75 ta harbiy texnika ishtirok etdi.
Parad avvalida so‘zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushda ishtirok etgan askarlarni qahramonlar deb atagan. Paradni tomosha qilish asnosida esa Bucha qamalida ishtirok etgan diviziya a’zosi bilan yonma-yon o‘tirgan.
Si Jinping Vengriyaga bordi
Xitoy rahbari Si Jinping o‘z rafiqasi bilan Budapeshtga uchib keldi. Uni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban rafiqasi bilan kutib oldi. Bu Si Jinpingning so‘nggi besh yillik tanaffusdan so‘ng Fransiya va Serbiyadan so‘ng tashrif bilan borgan uchinchi Yevropa davlati bo‘ldi.
Xitoy rahbari Orban bilan infratuzilma loyihalari hamda Ukrainadagi urush masalasini muhokama qilgan. Si Jinping va Viktor orban bilan Xitoy-Vengriya munosabatlarini umumqamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishni kelishib olishganini e’lon qilishgan.
Shuningdek, Viktor Orban Xitoyning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan.