General Motors Malibu ishlab chiqarishni to‘xtatadi

Jahon 19:01 / 10.05.2024 15589

General Motors kompaniyasi joriy yilning kuzidan boshlab benzinda harakatlanadigan Chevrolet Malibu avtomobillarini ishlab chiqarish to‘xtatilishini e’lon qildi.   

Ayni paytda ushbu avtomobil ishlab chiqarilayotgan Fairfax zavodi yangi avlod Bolt elektr xetchbeklari uchun ixtisoslashtiriladi. Bundan tashqari, xuddi shu zavod qisqa tanaffusdan keyin Cadillac XT4 krossoverini yig‘ishni yana davom ettiradi. Bolt’dan farqli o‘laroq, XT4 an’anaviy benzinli dvigatellar qatorini saqlab qoladi.  

Ma’lumot uchun, GM 1964 yildan boshlab ushbu rusumdagi avtomobillarni dastlab Chevelle, keyin esa Malibu brendi ostida ishlab chiqarib kelayotgan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu modelning 10 milliondan ortiq sotuviga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2012 yilning mart oyidan boshlab O‘zbekistonda ham Chevrolet Malibu avtomobilini yig‘ish boshlangandi. Ayni paytda ushbu avtomobil  UzAuto Motors tomonidan 419 mln so‘mdan xaridorlarga taklif qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: