Markaziy bank 9 ta bankni jarimaga tortdi, 16 ta bank ogohlantirildi

Iqtisodiyot 18:52 / 08.05.2024 9134

Yig‘ilishlarda ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 34 ta, xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (9 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish (1 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (6 ta), auditorlarga malaka sertifikatini berish (2 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (13 ta) bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Shu bilan birga, banklar va to‘lov tashkilotlarida Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari (15 ta masala) ham ko‘rib chiqilgan.

Tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 16 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Shuningdek, ustav kapitalining miqdori “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirilmagani sababli 4 ta bankning ayrim operatsiyalari cheklangan hamda amaldagi qonunchilik va Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmagani va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 9 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llangan.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: