“Jur’atsizligim tufayli to‘rt bolam otasiz o‘sdi” – hayotiy hikoya

Jamiyat 16:19 / 08.05.2024 30430

“Hayotiy hikoyalar” ruknidan berib borilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni jur’atsizligi tufayli to‘rt bolasini tirik yetim qilib, ular bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketgan kishi.

U maktubida xotini bilan ajrashgach farzandlari bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketgani va ularni qaynotasi boqib katta qilganini, ikkinchi turmushidan ko‘rgan qizini uzatgach er-xotin yolg‘iz qolib ketishganini yozibdi.

“Oilada to‘rt nafar o‘g‘il bo‘lganmiz va men to‘ng‘ich farzand edim. Qiz bo‘lmagani uchun onamga uy ishlarida ham yordamlashardim. Faqat sigir sog‘maganman, non yopmaganman.

Undan boshqa, ukalarimga qarab turish, ovqat pishirish,, kir yuvish, xamir qorish, tomorqadagi yumushlar, barchasini qilganman.

Biz ulg‘aygan sayin garchi yordam bersak ham onam ro‘zg‘or ishlarida baribir qiynalib qola boshladi. Ba’zida charchab qolgan paytlarida “maktabni bitirganingdan uylantiraman” deb qo‘yardi. Oxir-oqibat shunday qildi.

Maktabni bitirganimdan so‘ng otam oshnasining qiziga unashtirib qo‘ydi. Bo‘lajak qaynotam boshqa mahallada yashardi, qizini uncha tanimasdim. U menga tengdosh ekan.

Ko‘p o‘tmay to‘yimiz bo‘ldi. Tasavvur qilyapsizmi, 18 yoshga kirmay uylandim. Xotinimning xarakteri yomon emasdi. Biron og‘iz oshiqcha gap gapirmas, indamay ro‘zg‘or ishlari bilan band edi.

Xotinim ro‘zg‘or yumushlarini qo‘lga olgach onam biroz tin oldi. Birin-ketin farzandlarim tug‘ildi. 10 yilda uch qizli bo‘ldim. Hadeb qiz farzand ko‘rganimiz mendan ko‘ra onamga ko‘proq aks ta’sir qila boshladi.

U ba’zida shu haqda gap ochib qolar, xotinim esa indamasdi. Otam onamga inday olmas, uning aytgani aytgan, degani degan edi. Men esa bu mavzuda biron marta gapirmadim. Chunki qanday farzand ko‘rish ayolning qo‘lida emas deb bilardim. Alloh xohlaganini beradi, vassalom.

Gohida xotinim onamning ta’nalari haqida gapirib qolganida unga sabr qilishi lozimligini aytardim:

“Men oilada to‘ng‘ichman, ukamni uylantirgach bizni alohida qilib chiqarishadi. Sabr qil, bu uyda bir umr qolib ketmaysan”.

O‘shanda xotinimga bu uyda bir umr qolib ketmaysan deganimga farishtalar ham “Omin” degan ekan shekilli...

To‘rtinchi farzandimiz o‘g‘il tug‘ildi. Bundan hamma xursand bo‘ldi. Ayniqsa qaynonasi va erining oldida “yuzi yorug‘ bo‘lgan” xotinimning quvonchi cheksiz edi.

Ko‘p o‘tmay birdaniga ikki ukamni uylantirdik. Shundan so‘ng men alohida uy qilib chiqish uchun tadorik ko‘ra boshladim. Biroq onamning bu masaladagi fikri boshqacha ekan.

Bir hammamiz yig‘ilib o‘tirganimizda onam “Oldin ukalaringni uy-joyli qilamiz, kenja ukangni uylantiramiz. So‘ng sen alohida bo‘lib chiqasan” deb qoldi.

Onamning bu gaplari menga va xotinimga yoqmadi. O‘shanda ikkalamiz ham hech narsa demadik. Biroq xotinimning hafsalasi shunchalik qattiq pir bo‘ldiki, ro‘zg‘or ishlariga ham e’tiborsizlik qila boshladi.

Bu esa ovsinlar orasida “men qildim, sen qilmading” degan gap-so‘zlarni va pinhona adovatni yuzaga keltirdi.

Xotinimning fikricha, ovsinlari kelguncha u rosa ro‘zg‘or uchun xizmat qilgan, endi ularning gali keldi va ishlashsin. Biroq xotinim bu gapni onamga ayta olmasdi.

Ovsinlari esa bu gapni eshitib “ishlagan bo‘lsangiz o‘zingiz uchun ishlagansiz, biz uchun emas. Qolaversa, ro‘zg‘orning asosiy qismi sizlar-ku, eringiz, to‘rt bolangiz va o‘zingiz uchun ishlang, bo‘ldi”, deb javob qaytarishardi.

Bu kelishmovchilik qaynotamning ham qulog‘iga yetibdi. Bir kuni qaynotam va qaynonam mehmon bo‘lib kelishdi. Ular bizning alohida bo‘lishimizdan gap ochishgandi onam darhol “Uyni qaysi pulimizga tiklaymiz?” dedi.

Shundan qaynotam “Kuyov uyni boshlasin, mana biz ham qarab turmaymiz, yordam beramiz” deb qoldi. Onam qaynotamdan bu gapni kutmagan ekanmi, avvaliga gap topolmay qoldi. Keyin esa biz eng oxirida alohida bo‘lib chiqishimiz haqidagi gapini ushlab oldi.

O‘sha kuni qaynotam va qaynonam xafa bo‘lib ketishdi. Xotinimning kayfiyati battar buzildi. Shu tariqa ro‘zg‘ordan halovat yo‘qoldi. Ko‘p o‘tmay xotinim menga ham, onamga ham gap qaytarishga o‘tdi. Taxminimcha, vaziyat uning asabini yemira boshlagandi.

Bir kuni tog‘am kelib qoldi. U ham qaynotam bilan qalin oshna edi. Tog‘am onamga o‘g‘illarni bunday tarzda olib o‘tirish ro‘zg‘orni parokanda qilishi mumkinligini, kattasidan boshlab alohida qilaverish kerakligini, shunda oshiqcha gap-so‘z bo‘lmasligini ayta boshladi.

Shunda onam dabdurustdan “Aka, sizni bizning oldimizga qudam yubordimi? Unga hamma gapni aytgandim. To‘ng‘ich o‘g‘lim oxirida alohida bo‘ladi”, dedi.

Shunda tog‘am “Unda bu ikkalasini tezroq alohida qil” degandi onamdan “Ikkita uy tiklashga pul yo‘q. Yoki siz qurib berasizmi?” degan javobni oldi. O‘sha kuni tog‘am biznikidan xafa bo‘lib chiqib ketdi.

Oilamizdagi taranglik battarlasha boshladi. Bu orada men gap qaytargani uchun xotinimni avval so‘kdim, so‘ng tarsaki tushirdim. Bunday holat ikki-uch marta takrorlandi. Xotinim har gal janjal bo‘lganda otasinikiga arazlab ketardi. Ertasi kuni qaynotam olib kelib qo‘yardi.

O‘sha paytlarda qayinsingillarim uzatiladigan, o‘g‘li uylanadigan yoshga yetgan, bechora qaynotamning ham tashvishlari o‘ziga yetarli bo‘lgani uchun u chorasiz edi.

Oxirgi janjalimiz qattiqroq bo‘ldi va unga onam ham aralashdi. Bu safar xotinim arazlab ketishga ulgurmasidan onam unga “yo‘qol, qaytib qorangni ko‘rmay”, deb baqirdi. Shunda xotinim ham onamga senlab “uying boshingdan qolsin”, deb chiqib ketdi.

Bu safar qaynotam xotinimni olib kelmadi. Biz ham bormadik. Oradan bir oy o‘tgach qaynotam xotinimni olib kelgandi, onam uyga qo‘ymadi. Bechora shuncha yalindi ham, foydasi bo‘lmadi.

“Men tirik ekanman, u bu uyga qaytib kelmaydi. O‘g‘limni boshqaga uylantiraman” dedi onam. Qaynotam xotinimni va bolalarimni qaytarib olib ketdi.

Ertasi kuni tog‘am keldi. U qancha gapirmasin, nasihat qilmasin onam inobatga olmadi. Shunda tog‘am otamga nasihat qila boshladi:

“Sen bir paytlar otasiz o‘sgansan. Otang bilan bitta mahallada yashab uni ota deb atay olmay, yonma-yon kelganda xuddi begonalarday bir biring bilan so‘rashmay o‘tib ketarding. O‘sha kunlar senga dars bo‘lmadimi? Qanday qilib endi to‘rt bolani tirik yetim bo‘lishiga qo‘yib berasan?”

Onamdan qo‘rqadigan va uning to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi barcha gapini birday qo‘llaydigan otam tog‘amning gaplariga javob qaytarmadi.

“Bir paytlar sen sovchi bo‘lib borganingda oshnam mendan, ha aynan mendan maslahat so‘ragandi. Shunda unga “qizingni beraver, Xudo xohlasa afsuslanmaysan” deganman. Afsuski adashgan ekanman. Boshdan shu o‘g‘lingni alohida qilib chiqarganingda shuncha mashmasha yo‘q edi. Mayli, o‘zing bilasan. Bu ishing uchun hali qattiq afsuslanasan”, dedi tog‘am onamga. Lekin u pinagini ham buzmadi.

O‘shanda men xotinim bilan ajralishni, to‘rt bolamni tirik yetim qilishni xohlamasdim. Biroq onamga gapira olmasdim. Bunga jur’atim yetmasdi.

Ko‘p o‘tmay onam meni uylantirish harakatini boshladi. Oilamiz mahallada yomonotliq bo‘lgan, buning ustiga yoshim 35 ga yaqinlashib qolgan, hech kim menga tegishni xohlamasdi. Hatto yoshi katta bo‘lib, turmushga chiqa olmayotgan qizlar ham.

Muzofotimizda oilasidan ajrashib yoki boshqa sabablar bilan yolg‘iz qolgan yosh juvonlar ham bor edi. Lekin “O‘g‘limga onasi o‘pmagan qizni olib beraman” deb katta gapirib qo‘ygan onam undaylarni kelin qilishni xohlamasdi.

Onam qidira-qidira qo‘shni qishloqdan yoshi 30 larga yaqinlashgan bir qizni topdi. U bilan oila qurdim, ukalarimning xotini yangi ovsinni ham yoqtirishmadi.

Bir yildan so‘ng qiz farzandli bo‘ldim. Xotinimda homiladorlik og‘ir kechdi. Bolani kesarcha qilib olishdi. O‘shanda xotinimning bachadonida nimadir muammo bor ekan, shifokorlar xotinimga homilador bo‘lsa asorati og‘ir bo‘lishini aytishibdi.

Ovsinlar kelisha olmagach onam bizni alohida qildi. Ikki yil o‘tib ukalarim ham mening yonimdan uy tiklab, alohida bo‘lib chiqishdi. Shundan so‘ng ro‘zg‘or tinchidi. Biroq onam shunda ham halovat topmadi.

Gap shundaki, kenja ukam uylangach bir necha yil farzandi bo‘lmadi. Xotini bilan ajrashib boshqa uylandi, yana farzandi bo‘lmadi. Uning ikkala xotini ham homilador bo‘lgan, biroq shifokorlarga ko‘rinib turmaslik oqibatida birinchi xotini ham, ikkinchisi ham bir necha marta bola tashladi.

Bu orada otam vafot etdi va onam hovlida kenja ukam va uning xotini bilan yolg‘iz qolib ketdi. Hovlida bola yig‘isi eshitilmas, nazarimda bu onamga og‘ir botardi.

Bu orada u biznikiga va ukalarimnikiga kelganda bir necha bor nabiralarini oldiga yig‘ib, o‘zi bilan yashashga taklif qildi, bolalarning birontasi unamadi.

Kenja ukam o‘n yil deganda farzandli bo‘ldi. Ungacha onam bola yig‘isi va kulgisini sog‘inib yashadi. O‘shanday paytlarda ko‘nglidan nimalar o‘tdi bilmayman. Balki to‘rt bolani tirik yetim qilgani uchun afsuslangandir, balki unday emasdir, bilmadim.

Men uylanishimdan avval va keyin ham bir necha bor bolalarimni ko‘rgani bordim, biroq qaynotam uyidan quvib soldi. Shundan so‘ng qaytib bormadim.

Ajrashganimdan ikki yilcha o‘tib xotinim turmushga chiqib ketdi. Eri bolalaringni olib kelmaysan deb shart qo‘ygan ekan, bolalarim qaynotam bilan birga qolishdi.

Ularni qaynotamning o‘zi boqib katta qildi. Qarigan chog‘ida qizlarimni juda qiynalib uzatdi. O‘g‘limni uylantirdi. Hozir nabiralarim bor. Lekin ular meni emas, saksonga yaqinlashib qolgan qaynotamni bobo deb bilishadi.

Bu orada men ham qizimni uzatdim va xotinim bilan yolg‘iz qolib ketdik. Hozir ukalarimning bolalari bizdan xabar olib, xizmatimizni qilib turishibdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: