Rossiya Federatsiyasida «davlatga xiyonat», «nomaqbul» tashkilot bilan hamkorlik qilish va armiya haqidagi «feyklar» ayblovlar bilan 25 yilga qamalgan rossiyalik publitsist va muxolifatchi siyosatchi Vladimir Kara-Murza Pulitser mukofoti laureati bo‘ldi. Bu haqda 6 may, dushanba kuni mukofot saytida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, Vladimir Kara-Murza The Washington Post gazetasining 2023 yil yanvaridan oktyabrigacha chop etilgan «Fikrlar» bo‘limidagi bir nechta nashrlari uchun «Izoh» nominatsiyasida eng yaxshi deb topilgan. Bu mulohazalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, muxolifatchi Aleksey Navalniy, Rossiyadagi siyosiy o‘zgarishlar ehtimoli va boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlangan.
Rossiyada Vladimir Kara-Murzaning ta’qib etilishi
Huquq himoyachilariga ko‘ra, 2023 yil aprelida Vladimir Kara-Murzaga chiqarilgan 25 yillik qamoq jazosi «Putin tanqid qilingani uchun tayinlangan eng uzun qamoq muddati»dir.
Hukm chiqarilgunga qadar siyosatchi bir yilni hibsda o‘tkazgan, garchi himoya uni sog‘lig‘i sababli tergov izolyatorida ushlab turish mumkin emasligini ta’kidlagan.
2024 yil 30 yanvarda Kara-Murza Omsk shahridagi 7-sonli axloq tuzatish koloniyasining (IK-7) bir kamerali tipidagi xonasiga o‘tkazildi. Unda hibsda saqlash shartlari eng qattiq hisoblanadi. Muxolifatchi oilasi va advokatlarining ta’kidlashicha, u Rossiya maxsus xizmatlari gumon qilayotgan ikki marta zaharlashga urinish tufayli polineyropatiyadan aziyat chekmoqda. Inson huquqlari tashkilotlari Vladimir Kara-Murzani siyosiy mahbus sifatida tan oldi. AQSh Kongressi a’zolari Oq uyni rossiyalik siyosatchini «noqonuniy hibsga olinganlar» ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi.
2024 yil 19 aprelda «Pervyy otdel» inson huquqlari bo‘yicha loyihasi mahbusning rafiqasi Yevgeniya Kara-Murzaga tayanib, uning eri Omskdan Moskvaga Oliy sud majlisida ishtirok etish uchun o‘z xohishiga qarshi olib ketilishi haqida xabar berdi. Yevgeniya Kara-Murzaning so‘zlariga ko‘ra, bir necha oy davom etishi mumkin bo‘lgan Moskvaga majburan ko‘chirilish yaqinlari Vladimir bilan aloqani yo‘qotishini anglatadi.