AQSh Rossiya yadro siyosatining o‘zgarishi munosabati bilan o‘z yadro doktrinasini o‘zgartirmaydi

Jahon 22:09 / 19.11.2024 1079

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning yadroviy tiyib turish bo‘yicha siyosatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan o‘z yadroviy doktrinasiga tuzatish kiritish zarurligini ko‘rmayapti. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi vakiliga tayanib Bloomberg yozdi.

Manbaga ko‘ra, Moskva bir necha hafta davomida o‘zgarish haqida signal berib kelgan va AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati bundan «hayron bo‘lmagan». Manba Moskvaning yadro siyosatidagi o‘zgarishlarni so‘nggi ikki yil davomida kuzatilayotgan «mas’uliyatsiz ritorika»ning yana bir misoli deb atadi.

Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, Bayden Kiyevga Amerikaning uzoq masofali raketalarini qo‘llashga ruxsat bergani KXDR qo‘shinlarining Rossiyaga kelishiga javoban «oldindan ma’lum» edi.

Vladimir Putin sentabr oxirida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yadroviy tiyib turish doktrinasini yangilashni taklif qildi va 19 noyabr kuni tegishli farmonni imzoladi. Yangilangan doktrinada yadro zarbasi uchun «yadroviy davlat ko‘magida har qanday noyadroviy davlatning tajovuzkorligi», shuningdek, yadro quroliga ega bo‘lmagan vositalar, jumladan, dronlar yordamida ommaviy havo hujumi asos bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

19 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Bryansk oblastiga Amerikaning ATACMS raketalari bilan hujum qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi, shuningdek, Ukrainaning bir qancha ommaviy axborot vositalari xabar berdi, ammo bu Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi tomonidan rasman tasdiqlanmadi. Bunga javoban Braziliyadagi G20 sammitiga borgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlariga Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini o‘qib chiqishni maslahat berdi.

Ko‘proq yangiliklar: