Shvetsiya prokuraturasi Boltiq dengizidagi ikkita suvosti kabelining shikastlanishi bilan bog‘liq qo‘poruvchilik harakati bo‘yicha dastlabki tergovni boshladi. Bu haqda idora press-relizida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, mazkur ish bilan politsiyaning Milliy tezkor departamenti shug‘ullanmoqda, dastlabki tergovni esa davlat prokurori Xenrik Sederman olib boryapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtida ushbu jinoyat qo‘poruvchilik harakati deya tasniflanmoqda.
«Tergov dastlabki bosqichda. Hozirda hech qanaqa qo‘shimcha ma’lumot yo‘q», — deya qo‘shimcha qiladi prokuror.
18 noyabr kuni Boltiq dengizi tubidan Finlandiyadan Germaniyaga va Shvetsiyadan Litvaga o‘tgan kabellarga shikast yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Germaniya va Finlandiya Tashqi ishlar vazirliklari tergov olib borilayotgani, bu kabi holat «qasddan amalga oshirilgani bo‘yicha shubha uyg‘otayotganini» ma’lum qildi. Litva Bosh prokuraturasi vakili idora rasmiy tergov boshlash bo‘yicha ma’lumot to‘playotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabrida Finlandiya va Estoniya o‘rtasidagi Balticconnector suvosti gaz quvuriga shikast yetkazilgandi. Keyinroq nosozlikka Xitoyning Newnew Polar Bear yuk kemasi aloqador ekani aniqlangan. South China Morning Post o‘z manbalariga tayanib, Xitoy o‘ziga tegishli yuk kemasi gaz quvuriga tasodifan shikast yetkazganini tan olgani haqida yozgandi.