Chilonzor tumanida daraxt qulashi oqibatida 1 yoshli bola vafot etgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 3-qismi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘tkazilgan tekshirishda suv quvurlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan ishchilar xavfsizlik choralariga rioya qilmasdan, maxsus texnika yordamida qazish ishlarini olib borishgani, buning oqibatida bir tup darahtning ildizi ochilganligi va o‘z vaznini ko‘tara olmay yiqilganligi aniqlangan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 186-moddasi 3-qismiga ko‘ra iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish odamlar o‘limiga (“a” bandi) yoki boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga (“b” bandi) sabab bo‘lsa 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, 3 may kuni soat 11:50 atrofida Chilonzor tumanning 5-mavzesida 55 yoshli enaga Ye.M. bolalar aravachasida 2023 yilda tug‘ilgan A.P.ni olib ketayotganida daraxt bosib qolgan. Oqibatda qizcha hodisa joyida vafot etgan.
Kun.uz hodisa sabablarini o‘rgandi. Surishtiruvda daraxt qulashiga Veolia Energy Tashkent issiqlik yetkazib berish kompaniyasi xodimlari va boshqa mas’ul idoralarning mas’uliyatsizligi hamda harakatsizligi sabab bo‘lgani oydinlashgandi.