Kasallik o‘chog‘iga aylanayotgan G‘azo, Amerikada to‘xtamayotgan namoyishlar va Rossiyaga qaytayotgan relokantlar - kun dayjesti

Jahon 13:13 / 03.05.2024 8525

O‘tgan sutka davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektorining janubiy qismidagi Rafah qochqinlar lageriga Isroil hujumi uyushtirildi. Isroil BMT konvensiyasi tomonidan taqiqlangan o‘q-dorilardan ham foydalanmoqda. Boz ustiga bunday yondiruvchi bombalardan biri qochqinlar lageriga kelib tushgan.

Yozgi jazirama kelishi bilan G‘azodagi majburiy ko‘chirtirilgan qochqinlar lagerlari epidemiya va kasalliklar o‘chog‘iga aylanish tahdidi ostida qolgan.

«Ko‘chirilgan shaxslarning azoblari kunlar qizishi bilan yanada kuchayib bormoqda. Bu vaziyat ayniqsa yosh bolalar va homilador ayollar o‘rtasida turli epidemiyalar va kasalliklarning tarqalishi mumkinligidan darak beradi», — degan G‘azo fuqarolik mudofaasi agentligi.

G‘azoda kunlar tobora isib bormoqda. Kunduz kunlari havoning harorati +37 darajaga yetmoqda.

Isroil harbiylari G‘azodagi «Nosir» kasalxonasining to‘qqiz shifokorini o‘g‘irlab ketib, ularni o‘ldirgani iddao qilinmoqda. G‘azo fuqarolik mudofaasi agentligiga ko‘ra, vrachlar Xon-Yunus shahrida to‘rt oy davomida o‘tkazilgan yerusti operatsiyasi chog‘ida o‘g‘irlab ketilgan.

«Biz ularni o‘ldirib, ko‘mib yuborishgan, deb hisoblaymiz. Jasadlarni kavlab olish jarayoni hamon davom etmoqda va biz ulardan ayrimlarini shu yerda topamiz deb o‘ylayapmiz», — degan G‘azo mediabyurosi rahbari As-Savabta.

Falastin fuqaro mudofaasi «Nosir» shifoxonasi hududidagi birodarlik qabristonidan chiqarib olingan jasadlar soni 392 taga yetganini ma’lum qilgan. Ularning orasida yosh bolalarning jasadlari ham bor.

Urushning 209-kuniga kelib, G‘azodagi qurbonlar soni 34 ming 596 nafarga yetgan. 77 ming 816 kishi yarador bo‘lgan. So‘nggi sutka ichida Isroil harbiylari uchta ommaviy qirg‘in uyushtirgan. Unda 28 kishi halok bo‘lib, 51 inson yaralangan.

Aksilisroil namoyishlar

BMTdagilar Amerika universitetlarida G‘azodagi urushga qarshi norozilik namoyishlari bostirilayotganidan tashvishda ekanliklarini ma’lum qilishgan.

AQSh universitetlari kampuslaridagi norozilik namoyishlarini tarqatish va tugatish uchun qat’iy choralar seriyasi qo‘llanayotgani BMT tashvishiga sabab bo‘lmoqda.

Kolumbiya universitetida G‘azoni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazayotganlarga taom va suv yetkazish to‘sib qo‘yildi. Namoyishchilar ochdan o‘lmaslik uchun ularning lageriga taom va suv yetkazilishini talab qilishmoqda.

Los-Anjyeles shahridagi Kaliforniya universitetida esa isroilparast talabalar Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun barpo etilgan lagerga hujum qilishgan.

AQShda Falastin taraf bo‘lib o‘tkazilayotgan namoyishlar prezident Jo Baydenga zarracha ta’sir qilmagan va u Isroilga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasligi ta’kidlagan.

Qaytaga Bayden bunday namoyishlarni «tinch namoyishlar emas» deb atagan.

«Namoyishlar — demokratiyaning ajralmas qismi. Lekin norozilik namoyishlari hech qachon tartibsizliklarga sabab bo‘lmasligi kerak. Amerikada majburiy namoyishlar o‘tkazish huquqi yo‘q, faqat tinch namoyishlar o‘tkazish mumkin», — degan u Oq uyda.

Baydenga ko‘ra, norozilik aksiyalari o‘quv jarayoni va bitiruv tadbirlariga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda, vandalizm va binolarni egallashni esa so‘z erkinligi deb atab bo‘lmaydi.

Bu tomonda Saudiya Arabistoni esa Isroil-Falastin urushi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda post joylashtirgan fuqarolarni hibsga olishni kuchaytirdi.

Jumladan, Isroil hech qachon kechirilmasligi kerak, deb yozgan jurnalist hibsga olingan. Amerika tez taomlanish restoranlarini boykot qilishga chaqirgan fuqaro ham ushlangan.

Isroil bilan savdo-sotiqni to‘xtadi

Turkiya Isroil bilan savdo munosabatlarini to‘xtatgani xabar qilinmoqda. Turkiyaning bu qarori rasman e’lon qilinmagan, ammo Isroil Tashqi ishlar vazirligi buni tasdiqladi.

Jumladan, Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘anni savdo kelishuvlarini buzganlikda aybladi.

«Turk xalqi va ishbilarmonlari manfaatlarini mensimay, xalqaro savdo kelishuvlarini e’tiborsiz qoldiradigan diktator o‘zini aynan shunday tutadi», deb yozgan vazir.

Shuningdek, Kats Isroil hukumati mahalliy ishlab chiqarish va boshqa mamlakatlardan importga alohida e’tibor qaratib, Turkiya bilan savdoga muqobil yo‘llarni topish ustida zudlik bilan ish boshlashini qo‘shimcha qildi.

Ukrainaning dronlar hujumi

Ukraina Rossiyaning to‘rt hududidagi energetika obektlariga dronlar yordamida hujum uyushtirgan.

Ulardan biri Smolensk oblastining Roslavlsk rayonidagi obektni nishonga olgan bo‘lsa, Oryol oblastida ikkita rayon — Glazunov va Sverdlov rayonlaridagi energetika infratuzilmasiga zarar yetkazilgan. Oblast gubernatori Andrey Klichkovga ko‘ra, elektr uzatish qisman ishdan chiqarilgan.

Kursk oblastining janubida samolyot tipidagi Ukraina droni urib tushirilgan. Dronning hujumi Oboyansk rayonidagi elektr uzatish liniyasiga zarar yetkazish bilan yakunlangan.

Krasnodar o‘lkasida mahalliy aholi neftni qayta ishlash zavodi joylashgan Afipsk posyolkasida portlashlar haqida xabarlar berishgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar zavodga hujum qilishgacha yetib bormasdan urib tushirilgan va radioelektron kurash vositalari bilan qo‘ndirilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi 2 may tunida 12 ta dron yo‘q qilinganini iddao qilgan.

Rossiya sudga berildi

Rossiya Suriyadagi kasalxonaga amalga oshirilgan zarba uchun sudga berildi. Da’vo arizasi BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga qurbonlardan birining qarindoshi va Hand in Hand for Aid and Development xayriya tashkiloti tomonidan kiritilgan.

BMTning Jyenevadagi Inson huquqlari qo‘mitasi da’vogarlar nomidan Rossiyaga qarshi sudga murojaat qilib, Rossiya harbiylari 2019 yilda Suriyaning Idlib viloyati janubi-g‘arbidagi Kafr-Nabl shahridagi kasalxonaga qasddan hujum uyushtirgani, buning oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lganini bildirdi.

Shikoyatga ilova qilingan hujjatlarda 2019 yil 5 may kuni Idlibdagi shifoxonaning portlashi haqida batafsil ma’lumot berilgan. Ular orasida Rossiya samolyotlarining fuqarolik nishoniga hujumni muvofiqlashtirish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etganini isbotlovchi video va audio yozuvlar bor. Hujjatlarda qayd etilishicha, raketa zarbasi berilgan vaqtda shifoxona joylashgan hududda harbiy harakatlar bo‘lmagan.

Ikki tinch aholi vakilini o‘ldirishdan tashqari, Rossiya havo hujumi paytida kasalxonada bo‘lgan barchaning, jumladan, shifokorlar, bemorlar va tashrif buyuruvchilarning hayotini xavf ostiga qo‘yganlikda ayblanmoqda. Sudda, shuningdek, Moskva Suriyadagi tibbiyot muassasalariga qarshi bir necha bor harbiy kuch ishlatgani ham ta’kidlanadi.

Qirg‘iziston Rossiyaga bormaslikni tavsiya etdi

Qirg‘iziston hukumati ham o‘z fuqarolariga Rossiyaga bormaslikni tavsiya qildi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga safar qilish uchun «o‘ta muhim sabablar» bo‘lmasa Qirg‘iziston fuqarolariga safardan tiyilishni tavsiya etmoqda.

Rossiyada «avvalroq kiritilgan qo‘shimcha xavfsizlik choralari olib tashlanmaguncha va mamlakat hududiga kirishdagi nazorat yumshatilmaguncha» safar qilishdan tiyilish tavsiya etilmoqda. Departament Rossiyaga yo‘l olgan barchani «kirish cheklovlarini oldindan tekshirishga» chaqirdi.

TIV izohiga ko‘ra, ushbu tavsiya Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiya hududiga ommaviy ravishda kiritilmayotgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lishi munosabati bilan berilgan.

Bir kun avval huquq himoyachisi Valentina Chupik Rossiya chegarachilari Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarini ommaviy ravishda kiritmayotganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini Rossiyaga bormaslikka chaqirgan edi.

Relokantlar Rossiyaga qaytmoqda

Ukrainaga ochilgan urush tufayli Rossiyani tark etishga qaror qilganlarning teng yarmi hujjatlar va ish bilan bog‘liq muammolar tufayli yana Rossiyaga qaytishga majbur bo‘lishgan. «Chetda bizni hech kim ko‘zi uchib kutib turgani yo‘q ekan», deyishgan ular.

Mamlakatni 2022 yilda tark etganlarning 40–45 foizi allaqachon Rossiyaga qaytgan, deyiladi xorijga chiqish xizmatini ko‘rsatuvchi Finion firmasi ma’lumotlarida.

Rossiyaliklar uchun xorijda eng katta muammo — xorijiy davlatda yashash huquqini beruvchi hujjatlarning muddatini cho‘zdirish bo‘lgan. Hattoki Armaniston va Qirg‘iziston kabi eng do‘stona davlatlarda ham rossiyaliklar «diqqat va nazorat ostiga tushishgan». Boz ustiga, bir qator Yevropa davlatlari va rossiyaliklarga Turkiya vaqtinchalik istiqomat guvohnomasini qo‘lga kiritishni qiyinlashtirgan.

Ko‘proq yangiliklar: