«Gazprom»ning 2023 yildagi zarari 6,4 mlrd yevrodan oshdi

Jahon 07:38 / 03.05.2024 2819

2 may, payshanba kuni e’lon qilingan kompaniya hisobotida aytilishicha, 2023 yil oxirida Rossiya davlat konserni «Gazprom»ning sof zarari 629 milliard rublni (6,44 milliard yevro) tashkil etdi. Bu kompaniya tarixidagi eng yomon natijadir. Hujjatga ko‘ra, «Gazprom»ning 2023 yildagi umumiy daromadi 2022 yildagi 11,6 trillionga nisbatan 8,6 trillion rublni tashkil qilgan.

Mutaxassislar fikricha, Rossiya gaz monopolistining rekord darajada yo‘qotishi asosiy sabablari Ukrainadagi urush tufayli Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berish keskin qisqarishi (2022 yilga nisbatan 56 foizga) va foydali qazilmalarni qazib olish solig‘ini (FQQS) qo‘shimcha oshirish orqali kompaniyaga moliyaviy yuk ortishidir.

Rossiya gazining Xitoyga eksporti ortishi «Gazprom» yo‘qotishlarini qoplamaydi 

2023 yilda «Gazprom» Xitoyga «Sibir qudrati» quvuri orqali 22,7 milliard kub metr gaz yetkazib berdi. Bu yil Rossiya gazining Xitoyga eksporti hajmi 38 milliard kub metrgacha oshishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Moskva va Pekin yana bir quvur – «Sibir qudrati-2»ni yaratish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, agar u ishga tushirilsa, Rossiya Federatsiyasidan Xitoyga gaz yetkazib berish hajmi 98 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Ammo bu hajm Rossiya Ukrainadagi urush boshlanishidan oldin Yevropaga yetkazib bergan resursining yarmiga teng bo‘ladi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya gazi uchun Xitoyga qaraganda ko‘proq to‘lagan.

O‘z navbatida Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari ikkinchi qishni «Gazprom» gazisiz muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2024 yil mart oyi boshiga kelib Yevropa yerosti gaz omborlari (YeGO) 63 foizga to‘lgan, gaz tejash esa 100 milliard kub metrdan oshdi.

Shu bilan birga, Rossiya hukumati gaz sohasidagi inqiroz fonida gaz tariflarini keskin oshirmoqda. Xususan, 2024 yilning iyulidan ular 11,2 foizga, 2025 yilning iyulidan esa yana 8,2 foizga oshadi. Shu tariqa, ikki yil ichida Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun gaz narxi 20 foizga, Ukrainada urush boshlanganidan beri esa 34 foizga qimmatlashadi.

Ko‘proq yangiliklar: