Bayden AQSh universitetlari kampusidagi zo‘ravonlikni qoraladi

Jahon 08:07 / 03.05.2024 2105

AQSh prezidenti Jo Bayden yana bir nufuzli universitet hududidagi Falastin tarafdorlari lageri demontaj qilingandan so‘ng, namoyishlar chog‘idagi zo‘ravonliklarni keskin qoraladi. U 2 may, payshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotiga qarshi Amerika universitetlarida o‘tkazilayotgan noroziliklarni izohlar ekan: «Fuqarolar norozilik bildirish huquqiga ega, lekin tartibsizlik yaratishga haqli emas», dedi.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar - «norozilik ovozlari» o‘chiriladigan avtoritar mamlakat emas, balki «tartib hukmron bo‘lishi kerak bo‘lgan fuqarolik jamiyati». Talabalar kampuslaridagi namoyishchilar o‘z fikrlarini erkin bildirish huquqiga ega, lekin qonunni buzmasligi yoki zo‘ravonlik qilmasligi kerak, deya qo‘shimcha qildi u.

«Zo‘ravonlik sodir bo‘lganda, bu noqonuniydir. Mulkni yo‘q qilish tinch namoyish emas. Bu qonunga ziddir. Vandalizm, bosqinchilik, derazalarni sindirish, kampuslarni yopish, darslarni bekor qilish - bularning hech biri tinch namoyish emas», - deya ta’kidladi Amerika prezidenti.

Bayden: Amerikada antisemitizm va islomofobiya uchun joy yo‘q

Jo Baydenning aytishicha, «Amerikada antisemitizm yoki yahudiy talabalarga nisbatan zo‘ravonlik tahdidi, islomofobiya yoki arab va falastinlik amerikaliklarga nisbatan kamsitish uchun joy yo‘q». Shu bilan birga, prezident kampuslardagi norozilik namoyishlari uni Isroil va Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majburlamaganini ta’kidladi.

Aprel oyi o‘rtalaridan beri Amerikaning o‘nlab universitetlari hududlarida Falastin tarafdorlari norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishlar Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universiteti, Texas universiteti, Chapel Xilldagi Shimoliy Karolina universiteti, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti va boshqalarni qamrab oldi. Talabalar AQShdan Isroil bilan barcha moliyaviy aloqalardan voz kechishni va Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilib, kampuslarda chodirlar qurdi. Uch hafta mobaynida AQSh kollejlari va universitetlari kampuslarida 1500 dan ortiq kishi qo‘lga olingan.

29 aprel kuni namoyishchilar Kolumbiya universiteti kampusidagi asosiy binolardan biri bo‘lgan, asosan ma’muriy ofislar joylashgan Hamilton-hollni egallab, to‘sib qo‘ydi. Faollar bosib olingan binoda taxminan 12 soat turishga muvaffaq bo‘ldi, shundan so‘ng politsiya reyd o‘tkazib, uni ozod qildi. 300 ga yaqin kishi ushlangan.

Ko‘proq yangiliklar: