Rossiya kimyoviy quroldan foydalanish bo‘yicha xalqaro taqiqni buzdi. Bu haqda 1 may, chorshanba kuni AQSh Davlat departamenti tomonidan Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiya choralarini asoslash maqsadida ma’lum qilindi. Amerika tashqi siyosat departamentining da’vo qilishicha, rus qo‘shinlari Ukraina Qurolli kuchlari askarlariga qarshi zaharli modda bo‘lgan xloropikrindan foydalangan.
Shu munosabat bilan AQShning yangi sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya Mudofaa vazirligining radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari, Rossiya amaliy akustika ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiya Mudofaa vazirligining 48-sonli markaziy ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Rossiyaning kimyoviy qurol dasturlari va biologik qurollari bilan bog‘liq to‘rtta kompaniya kiritildi.
«Bunday kimyoviy moddalardan foydalanish alohida hodisa emas va u, ehtimol, Rossiya kuchlarining Ukraina qo‘shinlarini mustahkamlangan pozitsiyalardan chiqarib yuborish va jang maydonida taktik yutuqlarga erishish istagi bilan bog‘liq», — deyiladi Davlat departamenti bayonotida. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘g‘uvchi va ko‘z yosh oqizuvchi xloropikrin Rossiyada ham mamlakat ichidagi ommaviy norozilik namoyishlarini bostirish doirasida ishlatilgan.
Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha Haaga tashkiloti (KQTT) tomonidan taqiqlangan xloropikrin suyuqlik bo‘lib, bug‘lari teri va shilliq pardalarga ta’sir qiladi va yuqori konsentratsiyalarda diafragma mushaklarining nazoratsiz konvulsiyalarini keltirib chiqaradi. U birinchi jahon urushi paytida nemis qo‘shinlari tomonidan ishlatilgan.
Xloropikrin - Ukraina urushi paytida Rossiya arsenalidagi yagona gaz emas
Rossiya qo‘shinlari xloropikrindan tashqari jang maydonida ko‘zdan yosh oqizuvchi gazli granatalar - CS’dan ham foydalanmoqda, deya xabar bermoqda Reuters Ukraina harbiylari bayonotiga tayanib.
Ko‘zdan yosh oqizuvchi CS gazi ko‘pincha politsiya tomonidan Yevropadagi namoyishlarda tartibsizliklarga qarshi qo‘llanadi, ammo kimyoviy qurollar bo‘yicha konvensiyaga binoan urush paytida uni ishlatish taqiqlangan. Garchi CS gazi halokatli bo‘lmasa-da, u vahima qo‘zg‘atadi, bu esa askarlarning xandaqlarini tark etishiga va shu bilan oddiy qurollar nishoniga aylanishiga olib kelishi mumkin.
Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 500 nafar ukrainalik askarga organizmiga zaharli moddalar ta’siri tufayli tibbiy yordam ko‘rsatilgan va askarlardan biri ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan bo‘g‘ilib halok bo‘lgan.