Rossiyaning to‘rtta viloyati yana uchuvchisiz uchoqlar tomonidan hujumga uchradi, Rossiya Mudofaa vazirligi bunda Ukrainani aybladi. Departamentning ta’kidlashicha, 1 may, chorshanbaga o‘tar kechasi Voronej viloyati hududida uchta, Ryazan, Belgorod va Kursk viloyatlari uzra bittadan uchuvchisiz uchoq urib tushirilgan.
Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning so‘zlariga ko‘ra, uchish apparatlaridan biri viloyat markazi chekkasida urib tushirilgan. «Bir uchuvchisiz uchoqning vayronalari qulashi natijasida uchta xususiy uyga zarar yetdi: derazalari, fasadlari, panjaralari va eshiklari shikastlangan», — deb yozdi u Telegram’da.
Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov viloyatda hech kim jabrlanmaganini aytdi. Kursk viloyati rahbari Roman Starovoyt ehtimoliy vayronagarchilik va qurbonlar haqida ma’lumot bermay, Medvenskiy tumanidagi hujumni tasdiqladi.
«Ukrainskaya pravda» gazetasi «GUR»ning maxsus operatsiyasi haqida yozyapti
Ayni paytda, «Ukrainskaya pravda» Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasidagi («GUR») manbasiga tayanib, Ryazan neftni qayta ishlash zavodi, shuningdek, Voronej viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodi uchuvchisiz uchoqlar hujumiga uchragani haqida yozmoqda.
1 mayga o‘tar kechasi kuzatilgan hujum «GUR» tomonidan amalga oshirilgan maxsus operatsiya bo‘ldi, dedi nashr suhbatdoshi. «Ryazandagi harbiy nishonga katta zarar yetdi», dedi u. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Voronej viloyatidagi hujum oqibatlariga oydinlik kiritilmoqda.
Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar
Bahor boshidan beri Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar kuchaydi. Xususan, 12 mart kuni Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri – Nijniy Novgorod zavodida yong‘in sodir bo‘ldi, 13 mart kuni esa UUA Ryazan neft zavodi va Rostov-Don yaqinidagi Novoshaxtinskiy neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. 16 mart kuni dronlar Samara viloyatidagi ikkita neftni qayta ishlash zavodiga hujum amalga oshirdi. 17 martga o‘tar kechasi dronlar Slavyansk-Kuban shahridagi Slavyansk neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilishga uringan. 27 aprel kuni Slavyansk neftni qayta ishlash zavodiga yangi hujum uyushtirildi. Mahalliy matbuot xabar berishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining uchuvchisiz uchoqlari Krasnodar o‘lkasi Severskiy tumanidagi Ilskiy neftni qayta ishlash zavodiga ham hujum qilgan.
AQSh Ukraina hukumatini Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi, deb yozdi 22 mart kuni Financial Times (FT) gazetasi Oq uydagi o‘z manbalariga tayanib. Nashr ta’kidlaganidek, bu chaqiriq AQShning neft jahon narxlari oshishidan xavotiri, shuningdek, Rossiyaning RF g‘arbida joylashgan neftni qayta ishlash zavodlari, terminallari va omborlariga qilingan hujumlariga munosabati bilan bog‘liq. Ayni paytda, Ukraina neftni qayta ishlash zavodlarini qonuniy harbiy nishonlar deb biladi.