Netanyahu HAMASga qarshi operatsiyani yakunlashdan bosh tortdi – OAV

Jahon 21:42 / 01.05.2024 6158

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 1 may kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyotlarni kamaytirish va Rafahdagi operatsiyadan voz kechish niyatida emasligini aytdi. Bu haqda The Times of Israel nashriga tayanib Interfax yozdi. 

«Rafahdagi operatsiya hech narsaga bog‘liq emas. Bosh vazir Netanyahu buni davlat kotibi Blinkenga aniq aytdi», deyiladi nashr manbasi bergan ma’lumotda. 

Netanyahu, shuningdek, Blinkenga HAMAS bilan garovga olinganlar kelishuvi doirasida G‘azo sektoridagi operatsiyani tugatish taklifini qabul qilmasligini aytgan. 

O‘z navbatida, AQSh Davlat departamenti ushbu uchrashuvdan so‘ng press-reliz e’lon qildi, unga ko‘ra Blinken va Netanyahu G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va mojaroning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qilgan. Blinkenning qayd etishicha, sulhga to‘sqinlik qilayotgan narsa HAMAS pozitsiyasidir. 

«Davlat kotibi Rafah bo‘yicha AQSh aniq pozitsiyasini yana bir bor takrorladi», deyiladi hujjatda. 

Avvalroq, Isroil qo‘mondonligi harbiylar HAMASning 24 ta batalyonidan 20 tasini yo‘q qilganini, qolganlarini esa Rafahda yo‘q qilishi kerakligini aytgan edi. Shu bilan birga, 1,4 millionga yaqin falastinliklar – anklav aholisining yarmidan ko‘pi – janglar tufayli mamlakatning shimoliy hududlarini tark etishga majbur bo‘lganidan so‘ng Rafahdan panoh topmoqda. 

Qator davlatlar Isroilni Rafahdagi operatsiyadan qaytarmoqda. Biroq bir kun avval Netanyahu garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganmi yoki yo‘qligidan qat’i nazar, Rafahga hujum boshlanishini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: