Ukraina chet eldan harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lgan fuqarolarini majburan qaytarmoqchi emas. Bu haqda Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina 30 aprel kuni DW nashriga bergan intervyusida Ukrainaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida konsullik xizmatlari ko‘rsatishni to‘xtatish masalasiga izoh berar ekan, ma’lum qildi.
«Urush davom etayotgan mamlakatga har qanday jins yoki yoshdagi Ukraina fuqarolarini hech qanday cheklovlar bilan yoki majburiy tarzda qaytarish bo‘lmaydi», dedi Stefanishina. Shu bilan birga, u «urush masalalarida yoqimli yechimlar yo‘qligini» qo‘shimcha qildi va «urush davom etayotganini va biz uni yutishimiz kerakligini» unutmaslikka chaqirdi.
Stefanishinaning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonun bilan ukrainalik erkaklar hududiy shakllantirish markazlari (HShM)ga shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etishi kerak, biroq bu ularning avtomatik ravishda frontga yuborilishiga olib kelmaydi. Gap «safarbarlik salohiyatini» tushunish haqida ketyapti, dedi u. «Biz frontdagi yigitlarni qay darajada almashtira olishimizni tushunishimiz kerak».
Chet eldagi ukrainaliklar uchun konsullik xizmatlarini bekor qilish
23 aprel kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lgan 18 yoshdan 60 yoshgacha erkak fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni «vaqtinchalik to‘xtatib turish» to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ertasi kuni Ukraina hukumati chaqiruv yoshidagi erkaklar uchun pasportlar xorijiy diplomatik muassasalarda emas, balki faqat Ukraina hududida berilishi mumkin bo‘lgan qoidalar haqida ma’lumot berdi.
Hukumatning ta’kidlashicha, faqat HShMda o‘z ma’lumotlarini yangilagan erkaklar konsullik xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Biroq, hozirda buni faqat shaxsan amalga oshirish mumkin: harbiy xizmatga majbur bo‘lganlarning ma’lumotlarini masofadan yangilash mumkin bo‘lgan elektron hisob hali ishlab chiqilmagan.