AQSh Senati 30 aprel, seshanba kuni Rossiyadan boyitilgan uran importini taqiqlovchi qonunni qabul qilishni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Dekabr oyida Vakillar palatasi qonun loyihasini tasdiqlagandi. Hujjat AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolanishi uchun Oq uyga yuborilgan.
Qonun 90 kundan keyin kuchga kiradi, biroq ayni paytda AQSh reaktorlarining ishlashi xavf ostida bo‘lgan taqdirda istisnolarga ruxsat beriladi. Xuddi shu qonun loyihasi, shuningdek, Amerika uranni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish uchun 2,7 milliard dollar (taxminan 2,5 milliard yevro) yo‘naltirilishini nazarda tutadi.
2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlaganidan ko‘p o‘tmay, Qo‘shma Shtatlar Rossiya neftining importini taqiqladi. Biroq, AQSh Energetika axborot boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika atom elektr stansiyalari 2022 yilda Rossiyadan uranning taxminan 12 foizini import qilgan. «Bizning qonun loyihamiz Rossiya urush mashinasini to‘xtatishga yordam beradi va Amerikada uran ishlab chiqarishni jonlantiradi», dedi Vayoming shtatidan senator Jon Barraso. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vayoming Rossiya importi o‘rnini bosa oladigan boyitilgan uran yetkazib berishga tayyor.