Toshkentda banklar tomonidan bitiruvchilar va talabalar uchun 100 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi

Iqtisodiyot 18:11 / 26.04.2024 3361

Toshkent shahar hokimligi va Oliy ta’lim va fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilning may oyi davomida poytaxtda maktab bitiruvchilari va talaba yoshlar ishtirokida “Toshkent bitiruvchi va talaba-yoshlar loyihasi” keng ko‘lamli bitiruvchi va talaba yoshlar tadbiri o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ma’lum qilinishicha, mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish, ularning kelgusidagi rejalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishdan iborat.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida bu yil jami 33 ming nafar o‘quvchi yoshlar 11-sinfni bitirib, katta hayotga qadam qo‘yishadi. Forum doirasida ularning o‘zlari qiziqqan sohada ta’lim olishlari uchun tegishli OTMlarga yo‘naltirish, ish izlayotgan yoki xorijda ta’lim olmoqchi bo‘lgan yoshlarga zarur shart-sharoitlarni yaratib berishga alohida urg‘u beriladi. Shu maqsadda turli tadbirlar, OTMlarda ochiq eshiklar kuni, kompaniya va biznes vakillari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari va hokazolar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bo‘lajak kadrlarga mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishga yordam berish, iste’dodli talabalarni rag‘batlantirish, ularning loyiha, g‘oya va ilmiy ishlanmalarini bir yerga jamlash bo‘yicha ham qator platformalar yaratiladi.

Loyiha doirasida bitiruvchilarga bugungi kunda poytaxtda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari haqida to‘liq ma’lumot beriladi. Jumladan 2024 yil 1 sentabrga qadar shaharda banklarning kredit portfeli qoldig‘i, mijozlar soni va ularning pul aylanmasi tahlilidan kelib chiqib, Toshkent shahri filiallari kesimida 100 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish rejasi tasdiqlandi.

Jumladan, Milliybank – 38 mingta, O‘zsanoatqurilishbank – 20 mingta, Asakabank – 10 mingta, Xalq banki – 7 mingta, Agrobank, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Turonbank va Aloqabank – 5 mingtadan ish o‘rni yaratadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bitiruvchi talaba yoshlarning 100 ming nafari ushbu yaratilayotgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: