Qimmat sotilayotgan dorilar: referent narxlarga yoppasiga amal qilinmayapti

O‘zbekiston 22:59 / 26.12.2024 5658

O‘zbekistonda dori vositalarining cheklangan eng yuqori narxlari o‘rnatilgan. Ammo, Kun.uz olib borgan o‘rganishlarda ayrim preparatlarning narxi Toshkent shahridagi dorixonalarda referent narxlardan sezilarli balandligi ma’lum bo‘ldi.

SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi muntazam ravishda mahalliy va xorijiy dori vositlarining cheklangan narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangilab boradi. Narxlar markazning Telegram'dagi rasmiy kanaliga joylanadi. Bundan ko‘proq chakana savdo bilan shug‘ullanadigan dorixonalarning o‘zi xabardor bo‘lib turadi, aholining aksariyat qismi esa bunday ro‘yxat borligini ham bilmasa kerak.

Shuning uchun ham dori vositalarini qimmat sotish holatlari uchrab turadi. Masalan, Bolgariyadan import qilinadigan “Almagel” dori vositasini olaylik. Bu ro‘yxatda uning narxi 34 363 so‘m ko‘rsatilgan. Ammo, ushbu dori bitta dorixona misolida qaralsa, narxi 75 ming so‘m.

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan “Mikan” preparatining cheklangan bahosi – 24 840 so‘m, lekin poytaxtda joylashgan bir nechta dorixonalarda 35 mingdan kam emas.

Dorilarni izlash, ularning narxi bilan tanishishda ko‘pchilikka “Arzon apteka”, “Oson apteka” kabi servislar (veb-sayt, mobil ilova va Telegram-bot shaklida) qo‘l kelmoqda. Biz ushbu materialda misol sifatida keltirib o‘tayotgan dorilarning Toshkent dorixonalaridagi narxlari haqida ushbu ilovalar orqali ma’lumot oldik, shuningdek, dorixonalarga qo‘ng‘iroq qilgan holda, bu ma’lumotlar to‘g‘riligiga ishonch hosil qildik. Masalan, haqiqatdan ham, “Mikan” dori vositasi 37 900 so‘mdan sotilayotgan ekan.

Yuqoridagi oddiy usul bilan, yana ko‘plab dori vositalarining cheklangan narxi va amaldagi narxini aniqlash va taqqoslash mumkin.

Yana ayrim misollarni keltirsak. “Bromgeksin Berlin Xemi” tabletkasining asl narxi 17 560 so‘mgacha, lekin xuddi shu tabletka bir dorixonada 24 ming so‘m. Bundan tashqari, Portugaliyada ishlab chiqariladigan “Nazivin” preparati uchun 30 ming so‘mgacha narx belgilanishiga qaramay, u salkam 45 mingdan sotilyapti. Shuningdek, “Avamis” preparatning chegarlangan narxi 139 ming so‘m, biroq bir nechta dorixonalarda mazkur dori 215 mingdan 235 minggacha sotuvga qo‘yilgan.

Bolgariyaning “Tabeks” tabletkasining O‘zbekistondagi narxi 256 803 so‘mdan oshmasligi kerak, ammo Toshkent shahrining bir nechta dorixonalarida uning bahosi 401 ming so‘m. Gruziyadan import qilinadigan “Supralgon” dori vositasining belgilangan narxi salkam 24 ming so‘mni tashkil etadi, ammo u 32 500 so‘mgacha yetadi. E’tiborli tomoni, Turkiyaning “Multi-tabs bebi” preparati O‘zbekistonda 60 minggacha narxda sotilishi kerak, biroq ikki dorixonada uning narxi 248 va 350 ming so‘mdan.

“Loroben” preparatining referent narxi 83 ming so‘m, lekin Toshkentda uni 150 ming so‘mdan sotayotgan dorixonalar bor. Xuddi shu dori vositasini Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi dorixonadan 65 ming, Termiz shahridan esa 100 ming so‘mgacha xarid qilish mumkin.

Ta’kidlash lozim, agarda dori vositalarini referent bahosidan qimmatga sotib olinsa, ortiqcha mablag‘ni qaytarib olish mumkin. Bu uchun dorixonadan QR-kodli chek olish va uni soliq mobil ilovasida skanerlash kerak. Shunda Raqobat qo‘mitasining “Fair Tech” tizimi avtomatik ravishda amaldagi narxlarni referent bahosiga taqqoslab chiqadi. Huquqbuzarlik aniqlansa, ortiqcha hisoblangan pul mablag‘lari qaytariladi. Bunda, QR-kodli chekda aynan xarid qilingan dorining nomi ko‘rsatilganiga e’tibor berish zarur.

Kun.uz muxbiri o‘tkazgan kichik so‘rovnomaga ko‘ra, ko‘plab fuqarolar chek oladi, ammo uni soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. Ayrim hollarda dorixona xodimi iste’molchiga chek bermaydi.

Men doim chek olishga harakat qilaman va buni mas’uliyat deb bilaman, shunday holatlarga duch kelganman, ko‘p miqdorda dori sotib olsangiz, chek berishmaydi, nega desangiz, har xil narsalarni vaj qiladi”, – deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.

Referent narxlar bilan Farmatsevtika agentligi saytining ushbu bo‘limida tanishish mumkin. Shuningdek, UzPharmInfo mobil ilovasi ham ishga tushirilgan, lekin bu ilovani faqatgina iOS qurilmalari uchun yuklab olsa bo‘ladi. Ilova Android'ning eski versiyalari uchun yaratilgani tufayli, ko‘plab qurilmalar uni qo‘llab-quvvatlamaydi.

Ehtimol, ilova yangilansa va uning targ‘iboti ko‘ngildagidek bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Bundan tashqari, shu kecha-kunduzda dorilarni onlayn topib beruvchi servislar asosida nazorat tadbirlarini olib borish, dorilarni qimmat sotish holatlarini kamaytirishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, yil boshidan buyon Raqobat qo‘mitasi “Fair Tech” tizimi orqali dori vositalari 100 mingdan ortiq holatda qimmat sotilganini aniqlab, qariyb 7 mlrd so‘mlik pul mablag‘ini iste’molchilarga qaytargan.

Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: