Toshkentda bolalarning qo‘liga igna va “samorez” sanchgan o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekiston 13:50 / 19.04.2024 10614

Sergeli tumanining 277-maktab pedagogi 1-sinf o‘quvchilarining qo‘liga igna va “samorez” sanchib, ularni jazolagani xabar berilib, holat o‘rganilayotgani ma’lum qilingandi.

Bolalar ombudsmani tergovga qadar tekshiruv natijasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2016 yilda tug‘ilgan 2 nafar o‘quvchi kaftining ustki qismiga burama mix (samorez) bir necha marta sanchib kelingani, bolalarni qiynab, ularga tan jarohatlari yetkazgani aniqlangan.

Shu sabab 18 aprel kuni Sergeli tumani IIO TB tomonidan o‘qituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qayd etilishicha, o‘qituvchi 2002 yilda tug‘ilgan.

Tergov doirasida qo‘liga igna sanchilgani aytilgan 1-sinf o‘quvchilariga sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ishda bola manfaatlari nuqtai nazaridan o‘z kuzatuvini davom ettirishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘quvchilarni qiynashga oid xabarlar 16 aprelda tarmoqlarda tarqalgandi. Holat ortidan bolalarni shu usul bilan “tarbiyalash”ga uringan o‘qituvchi ishdan ketgandi.

Ko‘proq yangiliklar: