Oltin narxi tarixiy rekordni yangiladi, Bitcoin arzonlashdi – Xalqaro moliya bozori sharhi

Iqtisodiyot 14:27 / 14.04.2024 9448

Aprel oyining navbatdagi haftasi AQShda inflatsiya ma’lumotlarining e’lon qilinishi va yangi geosiyosiy mojarolarning avj olishi bilan xarakterlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda inflatsiya holati mart oyida yomonlashishda davom etgan va yillik ko‘rsatkich 0,3 foizga ko‘tarilib, 3,5 foizni tashkil etgan. Ba’zi tahlilchilar buni Yaqin Sharqdagi mojarolar keskinlashishi oqibatida yoqilg‘i narxi oshishi bilan bog‘lamoqda. Chunki energiya resurslari inflatsiyada katta ta’sir kuchiga ega hisoblanadi. Eron va Isroil munosabatlaridagi keskinlikning ortishi yonilg‘i bozorida yuqori tebranuvchanlikni yuzaga keltirdi. Dunyoda bo‘lib o‘tayotgan voqea va hodisalarni inobatga olgan holda bir qator investitsion kompaniyalar, xomashyo treyderlari va energiya sektorining yirik vakillari yaqin kelajakda neft narxi o‘sishini prognoz qilmoqda.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 8 apreldan 12 aprelgacha bo‘lgan davrda Xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.  

AQSh top fond bozorlari indeksi:

  • S&P500 – 5123 (hafta boshidan -1,56 foiz, yil boshidan +7,41 foiz);
  • NASDAQ – 18003 (hafta boshidan -0,58 foiz, yil boshidan +7 foiz);
  • DJI – 37983 (hafta boshidan -2,37 foiz, yil boshidan +0,78 foiz).

500 ta eng yirik kompaniyalardan tarkib topgan S&P500 indeksi 81 punktga, Dow Jones indeksi 921 punktga, NASDAQ indeksi esa 105 punktga pasaydi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin – 2343 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +0,59 foiz, yil boshidan +13,6 foiz;
  • Kumush – 27,9 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +1,88 foiz, yil boshidan +17,74 foiz;
  • Alyuminiy – 2471 dollar (1 tonnasi) hafta boshidan +1,17 foiz, yil boshidan +3,8 foiz:
  • Mis – 4,3 dollar (1 funti) hafta boshidan +1,85 foiz, yil boshidan +11,31 foiz.

Qimmatbaho metallarning barchasi o‘sish sur’atini taqdim etdi. Masalan, alyuminiy va oltin mos ravishda 29 dollar va 14 dollarga o‘sgan bo‘lsa, kumush va mis 52 va 8 sentga qimmatlashdi.

Neft

  • WTI – 85,4 dollar (hafta boshidan -1,47 foiz, yil boshidan +19,79 foiz);
  • BRENT – 90,15 dollar (hafta boshidan -0,79 foiz, yil boshidan +17,02 foiz).

Hafta davimida neftning WTI markasi 1,2 dollarga, BRENT esa 72 sentga arzonlashdi.

Valutalar

  • USD/EUR: -1,82 foiz (yil boshidan -3,62 foiz);
  • CNY/USD: +0,06 foiz (yil boshidan +1,96 foiz);
  • TRY/USD: +0,97 foiz (yil boshidan +9,46 foiz);
  • UZS/USD: -0,08 foiz (yil boshidan +2,93 foiz);
  • RUB/USD: +0,8 foiz (yil boshidan +4,41 foiz).

AQSh valuta indeksi turli hodisalar fonida kuchaydi. Natijada dunyoning bir qator boshqa valutalari o‘z pozitsiyalarini yo‘qotdi. Eng yirik qiymatsizlashish yevroda sodir bo‘ldi va bir hafta ichida 1,82 foizga arzonlashdi, lira va rubl mos ravishda 0,97 foiz va 0,80 foizga, yuan esa 0, 06 foizga pasaydi. Biroq so‘m oxirgi hafta 0,08 foiz mustahkamlanishga muvaffaq bo‘ldi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin – 68414 dollar (hafta boshidan -2,86 foiz, yil boshidan +58,99 foiz);
  • Ethereum – 3238 dollar (hafta boshidan -6,22 foiz, yil boshidan +41,87 foiz).

Asosiy kriptolar tebranishni davom ettirmoqda. Hafta davomida Bitcoin 2,86 foizga, Ethereum 6,22 foizga pasaydi.

Bozorlar haqida qisqacha

Global tinchlikka tahdidlar kuchayayotgan bir paytda AQShda inflyatsion fon yomonlashishi davlat regulyatorlarini noqulay holatga qo‘yib, ba’zi noaniqliklarni vujudga keltirmoqda. Bir necha oy avval muvozanatga erishilgan barqarorlashuv, oxiri ko‘rinmayotgan va o‘ta keskinlashib borayotgan dunyo mojarolari sababli uzoqlashib ketmoqda. Bozor ishtirokchilarining tahliliga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi yarmida yoqilg‘i narxi o‘sishda davom etadi. Yil boshida foiz stavkasining 7 marotaba tushirilishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirda bu 2 marotaba sodir bo‘lishi ham shubha ostida qolyapti. Chunki kundan kunga Federal zaxira tizimida (FZT) foiz stavkasini tushirmaslik kerak deyayotganlar soni ortib bormoqda. Bunday holatda barcha bozor ishtirokchilariga nihoyatda ogoh bo‘lib, risklarni kamaytirish tavsiya qilinadi.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 8 apreldan 12 aprelgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.

Ko‘proq yangiliklar: