O‘z yordamchisini kaltaklagan sudya, elektromobillar uchun karrasiga oshirilayotgan utilizatsiya yig‘imi, O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘llari qurilishi tafsilotlari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Elektromobillar utilizatsiya yig‘imi 4 barobarga oshiriladi
2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi sezilarli darajada oshiriladi. Bosh vazir imzolagan qarorga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun 45 mln so‘m (120 BHM), 3 yildan katta mashinalar uchun esa 78,5 mln so‘m (210 BHM) miqdorida yig‘im undiriladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, uch yilgacha bo‘lgan elektromobillar utilizatsiya yig‘imi 4 barobarga, uch yildan oshganlar uchun esa 2,3 barobarga ko‘payadi. Hozirgi amaldagi yig‘im miqdori 11,25 mln so‘m va 33,75 mln so‘m qilib belgilangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy ichida yig‘imlardan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqadi. Hukumat ushbu chorani yashil texnologiyalarni rivojlantirish, chiqindilarni xavfsiz qayta ishlash va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etganini ta’kidlagan.
Sud raisi yordamchisini kaltakladi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudi raisi Jahongir Yakubxo‘jayev o‘z yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni xizmat xonasida kaltaklab, unga jarohat yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Hodisa 18 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan, u yuz sohasidan jarohat olgani qayd etilgan.
Chust tuman prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshladi. Sud raisining qilmishi MJtKning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bo‘yicha malakalanishi mumkin. Agar ayblov tasdiqlansa, unga 1,5 mln so‘mgacha jarima solinishi mumkin.
Biroq qonunga ko‘ra, sudya daxlsiz shaxs hisoblanadi va uni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun tegishli sudyalar hay’ati xulosasi talab qilinadi. Sudyalar oliy kengashi xizmat tekshiruvi tayinlanganini va natijalar bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qildi.
«Qoradori» tadbirida 112 kg narkotik modda ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar vazirligi tomonidan 3-4 fevral kunlari respublika bo‘ylab o‘tkazilgan «Qoradori» tadbirida 112 kgdan ortiq giyohvandlik vositalari va 8,6 mingdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dorilar noqonuniy muomaladan chiqarildi.
Jami 653 ta maxsus operatsiya o‘tkazilib, giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi choralar ko‘rildi. 287,5 ming dollar va 569 mln so‘m pul mablag‘lari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.
Shuningdek, 228 kishi jinoiy javobgarlikka, 64 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilib, 47 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi. IIV ushbu tadbirlar davom ettirilishini ma’lum qildi.
Toshkentdan Andijon va Samarqandga pulli yo‘llar quriladi
Toshkent-Andijon va Toshkent-Samarqand yo‘nalishlarida pulli avtomobil yo‘llari qurilishi 2025 yilda start olishi rejalashtirilmoqda, dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov.
Toshkent-Andijon tezyurar magistrali Jahon banki ishtirokida loyihalashtirilgan bo‘lib, 314 km uzunlikdagi yo‘l yo‘l harakati xavfsizligini 40 foizga yaxshilashi va ikki shahar o‘rtasidagi yo‘l vaqtini 5 soatdan 3 soatgacha qisqartirishi kutilmoqda.
2,2 mlrd dollarlik Toshkent-Samarqand yo‘nalishida ham 300 km uzunlikdagi olti tasmali pulli yo‘l qurilishi boshlanadi. Loyihaga 30 dan ortiq xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan va qurilish tenderlari jadallashtirilmoqda.
2024-2030 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan bu yo‘llar 2028 yilda yakunlanishi, so‘ng xususiy operatorga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Transafg‘on temiryo‘li qurilishi 2025 yilda boshlanadi
Ilhom Mahkamov O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temiryo‘li qurilishi ham 2025 yilda start olishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Loyiha Afg‘oniston orqali Pokiston va Eron portlariga chiqishni ta’minlash uchun 573 km uzunlikdagi magistral qurishni nazarda tutadi. Loyiha yiliga 20 mln tonna yuk tashish imkoniyatini yaratadi.
Temiryo‘lning umumiy qiymati 5-6 mlrd dollar atrofida baholanmoqda. Transafg‘on yo‘nalishi Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, shu jumladan Hindiston va Pokiston bozorlari bilan bog‘lashi kutilmoqda. Loyihaga xorijiy donorlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilinmoqda.
Kuala-Lumpurda Shavkat Mirziyoyev rasman kutib olindi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Malayziyaga rasmiy tashrif bilan borgan. Bugun Kuala-Lumpurdagi «Perdana Putra» hukumat majmuasida O‘zbekiston prezidentini Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim tomonidan rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Faxriy qorovul saf tortdi, ikki davlat madhiyalari yangradi. Prezident Mirziyoyev qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar va diplomatik korpus vakillari bilan salomlashdi. Marosimidan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.